Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar tomonidan soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida mazkur qonun loyihasi bilan soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy normalar aks ettirilmoqda, — dedi deputat Sh.Nazarov. — Shuningdek, sudga qadar va sud muhokamasi davomida yetkazilgan zarar to‘liq qoplagan taqdirda javobgarlikdan ozod qilishni, vakolatli organlarning tergovga qadar tekshiruv harakatlarini amalga oshirish hamda maʼmuriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq vakolatlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Muhokamalarda deputatlar soliqlar yoki yig‘imlar to‘lashdan bo‘yin tovlash jinoyati uchun yashirilgan soliq va yig‘imlar miqdorini aniqlashning alohida mezonlari belgilanayotganiga alohida eʼtibor qaratdilar. Xalq vakillari loyihada birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsni, agar sud maslahatxonasiga kirguniga qadar soliqlar va yig‘imlar, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, ozod qilinishi, tergov hamda sud jarayonida tadbirkorni himoya qilishga Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasini jamoat himoyachisi sifatida jalb etish tartibining joriy etilayotganini qo‘llab-quvvatladilar.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, soliq tushumlarining barqarorligini taʼminlash, xususiy tadbirkorlik rivoji uchun teng raqobat sharoitini yaratish, ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin 2024-yilda soliq to‘lovchilarga 22 trln so'mdan ziyod QQS qaytarilgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20513 | Инструменты