Soliq qo‘mitasida markaziy apparat va hududiy soliq idoralari, tizim tarkibidagi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tanqidiy tahlil tarzida o‘tgan yig‘ilishda davlat soliq xizmati organlarining 2025-yildagi faoliyati natijalari sarhisob qilinib, 2026-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish avvalida Soliq qo‘mitasi Raisi F.Pulatov 2025-yil uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilganligi uchun soliq organlari shaxsiy tarkibi mehnatini e’tirof etdi. Xususan, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha budjetga soliq tushumlari oldingi yilga nisbatan 24,3 foizga, hududlarda 26,5 foizga o‘sishga erishilganligi qayd etildi.
Hay’at yig‘ilishdagi asosiy e’tibor muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston Respublikasi xalqiga Murojaatnomalarida soliq organlariga belgilangan ustuvor vazifalarni so‘zsiz ijrosini ta’minlashga qaratildi.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning murojaatnomalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amaldagi tizim eskirgani, shuning uchun bu borada yangicha ish uslubiga o‘tib, 2026-yil “favqulodda holat yili” bo‘lishi e’lon qilingani hamda 30-dekabrda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish to‘g‘risida Farmon qabul qilinganidan kelib chiqib, 2025-yilda soliq organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan ma’muriy va jinoiy huquqbuzarliklar hamda salbiy holatlar jiddiy tanqid ostiga olindi.
Soliq ma’murchiligini ta’minlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish maqsadida qabul qilingan Qonunlar, Farmon va qarorlar bilan 2026-yilda soliq qonunchiligiga 110 dan ortiq qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilganligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilishda mazkur me’yoriy hujjatlarda soliq organlariga yuklatilgan kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar ijrosini so‘zsiz tashkil etish, raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, joriy yilda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha mas’ullarga manzilli topshiriqlar berildi.
Hay’at yig‘ilishida, qo‘mita raisi o‘rinbosarlari, hududiy boshqarma va tuman (shahar) rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Muhokamalar natijasida zimmasiga yuklatilgan xizmat vazifalarini yetarli darajada bajarmagan, ish faoliyatida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 53 nafar mas’ul xodimlarga intizomiy choralar qo‘llanilib, 7 nafar hududiy soliq inspeksiya rahbarlari, 1 nafar soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari hamda 1 nafar soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i vazifasidan ozod etildi.
Yig‘ilish so‘ngida, soliq tushumlari bo‘yicha joriy yilning I choragi uchun prognoz ko‘rsatkichlarini barcha soliq turlari bo‘yicha sifatli ravishda so‘zsiz ta’minlash, qonun hujjatlari asosida soliq ma’murchiligiga kiritilgan yangiliklarni soliq to‘lovchilarga o‘z vaqtida va sifatli yetkazilishini ta’minlash borasida ma’sullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12314 | Инструменты