"Sportchi qizlarimiz bitta Olimpiadada ilk bor 2 ta medalni qo‘lga kiritib, yangi rekord o‘rnatishga erishdilar" — Shavkat Mirziyoyev

Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyevning Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi bo'lib o'tmoqda.

"Esingizda bo‘lsa, biz Tokio olimpiadasidan so‘ng keyingi safar albatta jahonda kuchli o‘n beshtalikka kiramiz, deb niyat qilgan edik. Lekin faqat niyatning o‘zi bilan cheklanmasdan, avvalo, bu masalaga bo‘lgan qarashimizni o‘zgartirib, uch yil davomida qattiq va tinimsiz mehnat qildik, sportchilarimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib, ana shunday yuksak marralarni zabt etdik", - dedi Prezident nutqining davomida.

To‘rt yilda bir marta o‘tadigan bunday yirik xalqaro musobaqada dunyodagi har bir mamlakatning sport sohasiga berayotgan eʼtibori, millat va xalqning jismoniy va maʼnaviy salohiyati yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bunday ulkan arenada eng kuchli va mohir atletlar, zo‘rlarning zo‘ri ishtirok etadi.

"Shu maʼnoda, sizlar xalqimizning chinakam qahramonlari, botir o‘g‘il-qizlari, Vatanimiz iftixorlarisiz. Barchamiz sizlar bilan g‘ururlanamiz!", - dedi Prezident.

Uchrashuvda Olimpiada o‘yinlarida yurtimiz vakillari bir qator rekord natijalarni qo‘lga kiritgani qayd etildi.

Masalan, dzyudo bo‘yicha bizda ilgari oltin medal bo‘lmagan edi. Bu safar matonatli dzyudochi qizimiz Diyora Keldiyorova tomonidan ushbu marra zabt etildi.

Olimpiya o‘yinlari tarixida o‘zbekistonlik ayollar o‘rtasida birinchi marta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa Diyora yana bir rekord o‘rnatdi.

Yana bir jasur qizimiz – Svetlana Osipova esa, taekvondo bo‘yicha birinchi kumush medalni egallab, mamlakatimiz ayollar sporti tarixida yangi sahifa ochdi.

Shu tariqa sportchi qizlarimiz bitta Olimpiadada ilk bor 2 ta medalni qo‘lga kiritib, yangi rekord o‘rnatishga erishdilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты