Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Sudlarning faoliyatiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar kuchaytirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
— Mazkur qonun loyihasi bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining normalari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda, — dedi deputat Davron Aripov. — Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonunga Sudyalar oliy kengashi tarkibi, xususan, Kengash raisi, rais o‘rinbosari, uning aʼzolari va kotibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylanishi, shuningdek, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Sudyalar oliy kengashining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, shaxslarning nafaqat davlat organlari, balki boshqa tashkilotlarning ham qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi mustahkamlanmoqda. Aybsizlik prezumpsiyasi va “Habeas korpus” institutini yana-da qaror toptirishga oid qoidalar aks etmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi sud hokimiyatining mustaqilligini taʼminlash hamda shaxsning huquq va erkinliklarining sud orqali himoyasini yana-da kuchaytirishga xizmat qiladi, — dedi deputat.
Shuningdek, maʼruzachi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida deputatlar tomonidan berilgan takliflarning loyihada qay darajada aks etgani bo‘yicha ham maʼlumot berib o‘tdi.
Muhokamalarda qayd etilganidek, Sudyalar oliy kengashi raisi, rais o‘rinbosari va aʼzolari saylanishi sud islohotlaridagi muhim qadam bo‘ldi, bu tajriba qonuniylikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52104 | Инструменты