Huawei 1
Surxondaryodagi “M-25” konida yana vodorod sulfid otilishi sodir bo‘ldi

Surxondaryoning Boysun tumanida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” konida gaz otilishi yuz berdi.

Tong soat 6 larda ro‘y bergan holat haqida soat 13:57 ga kelib ilk rasmiy axborot berildi.

Energetika vazirligiga ko‘ra, 5 may kuni soat 6:10 da kondagi 202-quduqda tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning katta bosim bilan otilishi va natijada fontanlanish holatining qaytalanishi kuzatilgan.

“Tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning tarqalishini oldini olish maqsadida gaz oqimi nazorat ostida yoqib yuborildi. Ayni paytda barcha zarur tadbirlar xavfsizlik choralariga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda. Hodisa sodir bo‘lgan hudud tegishli xizmatlar tomonidan o‘rab qo‘yilgan va hozirgi vaqtda ushbu hudud O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda Ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda.

Yuzaga kelgan hodisa yaqin atrofdagi aholi punktlari uchun xavf tug‘dirmaydi”, – deyiladi vazirlik bayonotida.

Qayd etilishicha, mazkur quduqda tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning chiqishi 2025 yil 27 mart kuni ham qayd etilgan. O‘shanda quduq nazorat ostida yoqib qo‘yilgan.

22 aprelda esa quduq o‘qining g‘ovlanib tushgani va kolonna chiqib ketishi natijasida fontanlanish to‘xtagan, hodisa joyida gazning sust oqimi (grifon) kuzatilgan.

“Avariyani bartaraf etish maqsadida hodisa joyida xorijdan jalb etilgan mutaxassislar ham faoliyat olib bormoqda”, – deya qayd etgan Energetika vazirligi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50521 | Инструменты