Huawei 1
Suvdan samarali foydalanish qonun bilan mustahkamlanmoqda

Oliy Majlis Senatining ellik yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonunda suvdan foydalanuvchilar va isteʼmolchilarga qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv obyektlaridan foydalanishga “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan ruxsatnoma berilishi belgilanmoqda.

Kiritilayotgan qo‘shimchalarga muvofiq fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda boshqa suv isteʼmolchilarining qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv olish limitlari tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va hududiy qishloq xo‘jaligi boshqarmalari tomonidan ishlab chiqiladi hamda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

Qonunda fermer xo‘jaligi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan suv resurslaridan foydalanishi, shuningdek, fermerlararo ichki sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarini, ulardagi inshootlarni taʼmirlash hamda tiklashda ishtirok etishi, ularni texnik jihatdan soz holatda saqlashi shart ekanligi belgilanmoqda.

Qonun bilan jamoa bog‘lari, tokzorlari, ekinzorlarini va tomorqa yer uchastkalarini suv bilan taʼminlash belgilangan tartibda “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan suv yetkazib berish va suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga suv yetkazib berish xizmatlari uchun belgilangan to‘lovlar bekor qilinmoqda.

Mazkur qonunda belgilangan qoidalar quyi bo‘g‘inda suv bilan taʼminlovchi tashkilotlar va suv isteʼmolchilari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solgan holda, suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92114 | Инструменты