Huawei 1
Ta’lim vizalariga talabgor o‘zbekistonliklarning ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlari ochiq bo‘lishi kerak — AQSh elchixonasi

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi 21 iyundan kuchga kiradigan viza suhbatlaridagi yangi talablar haqida ma’lumot berdi.

Xususan, endilikda F, M yoki J noimmigratsion vizasiga murojaat etuvchi barcha shaxslardan, ularning shaxsini va AQShga kirish huquqini aniqlash uchun zarur bo‘lgan tekshiruvni osonlashtirish maqsadida, barcha ijtimoiy tarmoq akkauntlaridagi maxfiylik sozlamalarini «ommaviy» holatga o‘tkazishlari so‘ralmoqda.

«Biz, viza murojaatlarini tekshirish va saralash jarayonida, AQSh hududiga kirishi mumkin bo‘lmagan, jumladan AQSh milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi shaxslarni aniqlash uchun, barcha mavjud ma’lumotdan foydalanamiz. 2019 yildan beri, Amerika Qo‘shma Shtatlari viza murojaatchilaridan, immigratsion va noimmigratsion vizaga murojaat etish uchun to‘ldirilgan formalarida ijtimoiy tarmoq identifikatorlarini ko‘rsatishlarini talab etadi.

Vizaga murojaat etish uchun to‘ldirilgan DS-160 formasida, murojaatchilar so‘nggi 5 yil mobaynida ijtimoiy tarmoqlarda foydalangan barcha ismlar va taxalluslarini kiritishlari talab etiladi. Formani imzolab yuborishdan avval, murojaatchilar to‘ldirilgan DS-160 formadagi barcha ma’lumot to‘g‘ri va haqqoniy ekanligini tasdiqlashlari zarur. Ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq ma’lumotni kiritmaslik, viza murojaati bo‘yicha rad javobi berilishiga hamda kelgusida viza olish huquqidan mahrum bo‘lishga olib kelishi mumkin», deyiladi AQShning Toshkentdagi elchixonasi bayonotida.

F, M va J qanday vizalar?

AQShda F, M va J toifasidagi noimmigratsion vizalar – bu vaqtincha yashashga mo‘ljallangan vizalar bo‘lib, ular asosan ta’lim, kasbiy o‘qish yoki almashinuv dasturlarida ishtirok etish uchun beriladi.

F vizasi — Academic Student Visa. AQShdagi akkreditatsiyalangan kollej, universitet, o‘rta maktab (high school), til kurslari yoki boshqa akademik muassasalarda o‘qimoqchi bo‘lgan talabalar uchun beriladi. Ushbu talabaning turmush o‘rtog‘i yoki farzandlariga ham F1 yoki F-2 toifasidagi viza beriladi. Ushbu viza bilan talabalar universitet hududida cheklangan holda, o‘qish shartlarini buzmasdan ishlashi mumkin.

M vizasi – Vocational Student Visa. Texnik yoki kasbiy o‘quv muassasalarida tahsil olishni istovchilar uchun beriladi. Kasbiy dastur talabasining oila a’zolariga esa M-1 yoki M-2 vizasi beriladi. Ushbu viza bilan o‘qish davomida ishlash mumkin emas, faqat bitirgandan keyin cheklangan muddatda amaliyotga ruxsat beriladi.

J vizasi – Exchange Visitor Visa. Madaniy, ilmiy yoki professional almashinuv dasturlarida qatnashuvchi shaxslar, masalan: ilmiy tadqiqotchilar, professorlar, tibbiyot rezidentlari murabbiylar kabi sohalar uchun. Ushbu almashinuv dasturi ishtirokchisining oila a’zolariga ham J-2 yoki J-1 vizasi berilishi mumkin. J-1 viza bilan talabalar amaliyot vaqti ishlashi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62122 | Инструменты