Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Senat matbuot xizmati.
Majlisda yoshlarga oid jinoyatlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning ortayotgani tashvishli holat sifatida baholangan. 2024 yilda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 43 tadan 65 taga oshgan, ya’ni 51,2 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Bundan tashqari, yig‘ilishda xavotirli masalalarga e’tibor qaratilgan, masalan, jinoyatlar ko‘plab mahallalarda to‘planib qolayotgani, ularning yillar davomida «qizil» yoki «sariq» toifalarda qolayotgani tilga olingan. Jumladan, 2025 yilning birinchi choragida viloyatdagi 42 ta mahalla «sariq», 16 tasi esa «qizil» toifaga kiritilgan.
Shu bilan birga, majlisda korrupsiya holatlari bo‘yicha ham tanqidiy muhokama bo‘lib o‘tgan. Xususan, kadrlarni ishga qabul qilishda noqonuniy talablar qo‘yilishi, manfaatlar to‘qnashuvi, ochiqlik va oshkoralikning yetishmasligi, davlat xaridlarida shaffoflikning ta’minlanmagani kabi salbiy holatlar tanqid ostiga olingan. Davlat xizmatchilarining tadbirkorlik bilan noqonuniy shug‘ullanishi va manfaatlar to‘qnashuvidan darak beradigan boshqa holatlarga ham e’tibor qaratilgan.
Majlis davomida kadrlarni ochiq va oshkora tanlov asosida saralash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirish, axborot tizimlaridan samarali foydalanishni ta’minlash, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida korrupsiyani kamaytirishga doir aniq vazifalar belgilab berilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52219 | Инструменты