Ovoz berish natijalariga ko‘ra, maktablarni ta’mirlash va jihozlash masalasi fuqarolar uchun eng muhim ekani ma'lum bo'ldi
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan "Tashabbusli budjet"da g’olib bo’lgan loyihalar hududlar kesimida tahlil qilindi.
Eng faol hududlar: Ovoz berish jarayonlarida eng faol hududlar Qashqadaryo (viloyat aholisining 47%i), Farg'ona (45,8%) va Navoiy (39,7%) bo'lgani aniqlandi. Tuman darajasida esa g'olib loyihalar orasida Yakkabog', O'zbekiston, Uchko'prik, Chiroqchi, Koson tumanlaridagi loyihalarini amalga oshirishga eng ko'p ovoz yig'ilganligi ma'lum bo'ldi.
Ma'lumot o'rnida, ovoz berish natijalariga ko‘ra, maktablarni ta’mirlash va jihozlash masalasi fuqarolar uchun eng ustuvor ekani ma'lum bo'ldi. Bu yo'nalishdagi loyihalarni qo'llab jami 4,7 mln ovoz (jami ovozlarning 39,2%i) to'plangan. Mazkur loyihalarga tashabbusli budjet uchun ajratilgan mablag'ning 42%i (1,18 trln so‘m) yo‘naltirilgan. Ustuvorlik darajasi bo'yicha keyingi o'rinlarda ichki yo‘llarni ta’mirlash (3,7 mln), sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash va jihozlash (1,4 mln) hamda maktabgacha ta'lim muassasalari(MTM) holatini yaxshilash (465 ming) bo‘yicha takliflar joy olgan.
Eng dolzarb sohalar: Umumta'lim maktablarini ta'mirlash va jihozlash, ichki yo'llarni ta'mirlash, sog'liqni saqlash muassasalari holatini yaxshilash tadbirlari tashabbusli budjetlashtirish loyihalaridagi eng asosiy yo'nalishlar bo'lib, g'olib loyihalarga berilgan umumiy ovozlarining 81,3%i aynan shu sohalarga tegishli:
- umumta'lim maktablari holatini yaxshilash tadbirlari uchun yig'ilgan ovozlar soni bo'yicha yetakchilik qilgan hududlar Namangan (hududiy ovozlarning 63,1%i), Buxoro (54,9%) viloyatlari va Toshkent shahri (61,6%) bo'lgan. Shu bilan birga ushbu soha boshqa hududlarda ham o'zining dolzarbligini yo'qotmagan holda yuqori ulushga ega bo'lgan.
- g'olib loyihalar to'plagan umumiy ovozlarning 30,6% i fuqarolar tomonidan ichki yo'llarni ta'mirlash tadbirlariga berilgan. Bu yo'nalishda eng ilg'or hududlar sifatida Qashqadaryo (hududiy ovozlarning 65,8%i), Farg'ona (44,3%) va Toshkent (36,2%) viloyatlari qayd etilgan.
- sog'liqni saqlash muassasalari holatini yaxshilashga qaratilgan loyihalarga berilgan ovozlar umumiy ovozlarning 11,6% ini tashkil etib, Toshkent shahri (22,9%) hamda Navoiy (20,5%), Buxoro (19,8%) viloyatlari bu sohada yetakchilik qilishgan.
Sohalar kesimida eng faol tumanlar:
- umumta'lim maktablarini ta'mirlash va moddiy-texnika bazasini yaxshilash bo'yicha: Namangan shahri, Yangiqo'rg'on, Qo'shko'pir, Asaka va Pop tumanlari (ovozlar soni 86,4 mingdan 124,9 minggacha);
- ichki yo'llarni ta'mirlash bo'yicha: Yakkabog', Koson, Chiroqchi, Oltinsoy va O'zbekiston tumanlari (124 mingdan 213 minggacha)
- sog'liqni saqlash muassasalarini ta'mirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo'yicha Samarqand, Buxoro, Namangan, Navoiy va Urganch shaharlari (29,4 mingdan 94,3 minggacha)
Eng faol mahallalar:
- eng faol mahallalar Qashqadaryo, Farg'ona va Namangan viloyatlaridan ekan;
- eng ovoz ko'p to'plagan mahallalar: Yakkabog' tumanidan Darxon (87,1 ming ovoz), Yangi hayot MFY (80,4 ming) hamda Uchko'prik tumani Katta Qashqar MFY (46 ming);
- eng ko'p loyihada g'olib bo'lgan mahallalar: Shahrisabz tumani Xitoy mahallasi (6 ta), Norin tumani Bo'ston mahallasi (5 ta) hamda Yakkabog' tumani Darxon va Yangi hayot mahallalari (4 ta dan).
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, tashabbusli byudjet loyihalari uchun to'plangan ovozlar ushbu hududda mavjud muammolarning nechog'lik dolzarb ekanini ko'rsatish bilan birga ushbu hududda aholining mavjud muammlorga befarq emasligini ham tasdiqlaydi. Umuman olganda, so‘nggi yillarda tashabbusli byudjedlashtirish aholini budjet mablag‘larini taqsimlash jarayoniga jalb etish orqali muhim ijtimoiy muammolarni hal qilish imkonini beruvchi moliyaviy dastakka aylandi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin “Tashabbusli budjet” loyihasining 1-mavsumida 1666 ta taklif g‘olib deb topilgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31507 | Инструменты