O‘zbekistondagi ayrim temiryo‘llarda yuzaga kelayotgan uzun tirbandliklarning oldini olish maqsadida temiryo‘l kesishmalarida “stop” belgilari boshqariluvchi svetoforlarga almashtirilishi belgilandi. Bu Prezident topshirig‘iga asosan qabul qilingan hukumat qarorida belgilangan.
Xabarda bugungi kunda yo‘llardan kesib o‘tuvchi ayrim temiryo‘llarda hafta yoki kun davomida vagonlar harakatlanmasa -da, haydovchilar belgi oldida to‘xtashga majbur bo‘layotgani va oqibatda uzun tirbandliklar yuzaga kelayotgani aytilgan. Shu munosabat bilan avtomobil yo‘llarida harakatlanish tartibini yanada takomillashtirish, haydovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan Hukumat qarorida avtomobil yo‘llaridan o‘tgan ayrim temiryo‘l kesishmalarida “stop” belgilari boshqariluvchi svetoforlarga almashtirilishi belgilandi.
Masalan, Toshkent shahrining Farg‘ona yo‘li ko‘chasi (ko‘prik oldida), Cho‘ponota va Shota Rustaveli ko‘chalari kesishmasi, Kichik halqa yo‘li (Qushbegi) singari yirik yo‘llarda zarurat bo‘lmasa-da, haydovchilar to‘xtashga majbur.
Avvalroq, shaharlarda yo‘l ta’mirlash ishlari faqat tunda amalga oshirilishi xabar qilingandi. Jumladan, 1-iyundan boshlab O‘zbekiston shaharlarida avtomobil yo‘llarini ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Radarlar 1 iyundan boshlab yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun jarima yozmasligi ham xabar qilingandi.
Shuningdek, endi avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya’ni “A” harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining soat 23:00 dan 06:00 ga qadar harakatlanishi qoidabuzarlik hisoblanmaydi.
Bundan tashqari, o‘rnatilgan “To‘xtash taqiqlangan” va “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51704 | Инструменты