Huawei 1
Termiz shahridagi xalqaro transport-logistika xabi BMT Global taʼminot tarmog‘iga qo‘shildi

Termiz shahridagi Xalqaro ko‘p funksiyali transport va logistika xabiga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi (BMT QBOKB) Global taʼminot tarmog‘i ombori maqomi berilishi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi

TIV maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Indrike Ratvatte, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabine Maxl, QBOKB mintaqaviy vakili Dumitru Lipkanu, QBOKBning Afg‘oniston bo‘limi rahbari Arafat Jamol, Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, bojxona va chegara xizmatlari rahbariyati va boshqalar ishtirok etdi.

Xab O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2022 yilda BMT, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan Afg‘oniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordamni markazlashtirilgan hamda manzilli yetkazib berishni taʼminlash maqsadida "TERMEZ CARGO CENTRE" MCHJ negizida tashkil etilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida jahon hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini hal etishda birlashishga chaqirar ekan, afg‘on xalqiga ko‘rsatilayotgan insonparvarlik yordami zaiflashmasligi kerakligini taʼkidladi.

QBOKB global tarmog‘iga Ammon (Iordaniya), Dubay (BAA), Nayrobi (Keniya), Akkra (Gana), Duala (Kamerun), Kopengagen (Daniya) va Panama Siti (Panama) shaharlarida joylashgan yettita ombor majmuasi kiradi. Har yili ushbu infratuzilma insonparvarlik inqirozlariga tezkorlik bilan javob berish uchun 500 million dollardan ortiq qiymatdagi hayotni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy mahsulotlarni (chodirlar, ko‘rpa-to‘shaklar, oshxona jihozlari, dori-darmonlar va boshqalar) qayta ishlaydi.

Qiyin xalqaro muhitni va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj odamlar soni ortib borayotganini hisobga olgan holda, BMT va uning agentliklari aholining zaif qatlamlariga yordam berish uchun asosiy resurslarni yetarli darajada taʼminlashga harakat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, Termiz shahrining Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida joylashgan strategik joylashuvi, bu yerda yaratilgan transport-energetika infratuzilmasi, shuningdek, malakali kadrlar mavjudligi uni global tarmoqqa integratsiya qilish qarorida asosiy omil bo‘ldi.

Shu tariqa Termiz markazi QBOKBning sakkizinchi xalqaro omboriga aylandi va uning insonparvarlik yordamini jahon miqyosida tezkor tarqatishdagi ahamiyati va samaradorligini tasdiqladi.

O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev tantanali marosimdagi nutqida Termiz shahridagi xab xalqaro hamkorlik, ishonchlilik va samaradorlik ramzi ekanini taʼkidladi. Bu nafaqat insonparvarlik yetkazib berish tarmog‘ini mustahkamlashga xizmat qiladi, balki hudud rivojiga, yangi imkoniyatlar va ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi.

BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Indrike Ratvatte O‘zbekiston tomoniga Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarga gumanitar yordam ko‘rsatishdagi faol saʼy-harakatlari, shuningdek, BMTning tegishli idoralari bilan yaqin hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, u Termiz shahrida yaratilgan infratuzilmani yuqori baholadi, bu esa operatsion xarajatlar va xatarlarni kamaytirish orqali BMTning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshiradi. "Biz "Hech kimni ortda qoldirmaslik" tamoyili asosida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz", – dedi Indrike Ratvatte.

BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabine Maxl tadbir respublikaning ko‘p tomonlama hamkorlik tamoyillariga sodiqligini ko‘rsatishini va uning xalqaro gumanitar tashabbuslarning faol ishtirokchisi sifatidagi rolini kuchaytirishini taʼkidladi. Uning aytishicha, O‘zbekiston tomoni yaratayotgan imkoniyatlar tufayli favqulodda vaziyatlardan jabr ko‘rgan millionlab insonlar amaliy yordam oladi.

BMT QBOKBning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili vazifasini bajaruvchi Dumitru Lipkanu tashkilot Termiz markazining xalqaro darajadagi gumanitar operatsiyalar uchun strategik afzalliklariga bir necha bor ishonch hosil qilganini taʼkidladi.

 "Markazni global tarmog‘imizga integratsiya qilish uning infratuzilmasi va logistika imkoniyatlaridan uylarini tark etishga majbur bo‘lgan odamlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yana-da samarali foydalanish imkonini beradi", dedi Dumitru Lipkanu.

BMT QBOKBning Afg‘onistondagi vakili Arafat Jamolning so‘zlariga ko‘ra, Termiz logistika markazi orqali QBOKBning favqulodda vaziyatlarda taʼminotni boshqarish tizimini kengaytirishdan Afg‘oniston katta foyda ko‘radi.

"Shu bilan birga, ushbu markazning ahamiyati Afg‘oniston chegaralaridan ham tashqariga chiqadi. Bu global miqyosda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish choralarini kuchaytiradi, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlaydi, ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash orqali iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni faollashtiradi", deya taʼkidladi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21318 | Инструменты