Huawei 1
Tomorqa yerlar uchun quyosh energiyasidan quvvat oladigan tomchilatib sug‘orish tizimi ishga tushirildi

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi aholi tomorqa yerlarini suv bilan kafolatli ta’minlash maqsadida yangi tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Ushbu tizim uchun 180 metr chuqurlikdan suv chiqaradigan vertikal sug‘orish qudug‘ining suv nasoslari quyosh panellaridan quvvatlanadi.

Loyiha doirasida mazkur tizim sababli 10 ta xonadon 0,8 gektar yerni tomchilatib sug‘orish orqali egatlab sug‘orishga nisbatan 60 foizga yaqin suvni tejab qolmoqda. Ushbu sug‘orish tizimining umumiy quvvati esa yana 20 dan ortiq xonadonga kengaytirib, jami 3 gektar yerni sug‘orish uchun ham yetadi. 

Ushbu “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish” loyihasi BMTTD va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha doirasida “Muqobil energiya asosida tomchilatib sug‘orish” Innovatsion guruhi tashkil etilgan bo‘lib, u o‘z faoliyatini mahalliy tashkilotlar vakillaridan iborat jamoa bilan olib boradi. Yangi tomchilatib sug‘orish tizimining joriy etilishi ham ushbu guruh mehnatining samarasidir. 

– Quyosh energiyasi bilan ishlaydigan ushbu tomchilatib sug‘orish tizimi nafaqat suv tanqisligini bartaraf etadi, balki O‘zbekistonda yanada barqaror qishloq xo‘jaligiga yo‘l ochadi, – deya ta’kidlaydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riyepma. – Eng muhimi, mahalliy tomorqa yer egalari muqobil elektr energiya va sug‘orish tizimidan samarali foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritmoqda. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda ularning daromadlarini oshirishga xizmat qiladi. 

Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi va suvga bo‘lgan talabning ortishi atrof-muhit va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solar ekan, hukumat iqlimga moslashishning asosiy chorasi sifatida fermer xo‘jaliklariga tejamkor sug‘orish tizimini joriy qilishni targ‘ib qilmoqda. Quyosh panellari quvvatidan ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi davlat elektr tizimiga sotiladi, olingan daromad esa sug‘orish qudug‘i va tomchilatib sug‘orish tizimini saqlash hamda boshqarish uchun sarflanadi. 

– Bugun Quyosh energiyasi yordamida ishlaydigan tomchilatib sug‘orish tizimi ishga tushirildi. Bu O‘zbekiston aholisi hayotini yaxshilash yo‘lida muhim hisoblanadi. Tizim suv va energiya xavfsizligini ta’minlash hamda yerlarni muhofaza qilish bo‘yicha bir nechta Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga yordam berayotganiga guvoh bo‘layapmiz, – dedi BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii xonim. 

Albatta, bu kabi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish suv tanqisligida muhim yechim bo‘lib, qishloq aholisi o‘z tomorqa yerlarini muammosiz sug‘orish imkoniyati yaratiladi. 

- Iyun oyida qurg‘oqchilik bo‘lar edi. Tomchilatib sug‘orish tizimi tatbiq etilib, hatto yozning kunida ham, bog‘imiz yam-yashil, pomidor, baqlajon va bulg‘or qalampirlarimiz pishib turibdi. Maza qilib bog‘dorchilik qilyapmiz, – dedi xonadonlardan birida yashovchi Maftuna Ahmedova. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91010 | Инструменты