Huawei 1
Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li 6 yil 3 oy muddatda quriladi

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li bo‘yicha Jahon banki bilan ishlab chiqilgan loyihaning asosiy jihatlari to‘g‘risida ma’lumot berdi. U bu haqda Strategik islohotlar agentligi tomonidan tashkil etilgan “Mamlakatlar platformasi"ning 3-davra suhbatida taqdimot qildi.

Vazir o‘rinbosari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lning 64 foizi yangi qurilishi, 36 foizi esa rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. Uzunligi 314 kilometr bo‘lgan I-a kategoriyasidagi yo‘l 6 qatordan iborat bo‘ladi. Yo‘lning qurilish muddati 6 yil 3 oyni tashkil etadi.

Jarayon uch bosqichdan iborat bo‘ladi: birinchi bosqichda Toshkent-Angren (78 km), ikkinchi bosqichda Angren-Pop (93 km), uchinchi bosqichda esa Pop-Andijon (143 km) qismlari quriladi. Yo‘l sement-beton qoplamali bo‘ladi.

Pulli yo‘lda jami 102 ta sun’iy tuzilma qurilishi kutilmoqda. Undagi yo‘lo‘tkazgichlarning jami uzunligi 1122 metrga yetadi. Yo‘lda jami 10 ta tunnel bo‘lishi va ularning umumiy uzunligi 33 kmga yetishi kutilmoqda. Eng uzun tunnel 6787 metrni tashkil etadi.

Mazkur yo‘l qurilishi Toshkentdan Andijonga safar qilish vaqtini hozirgidan 2 soat 14 daqiqaga kamaytirish imkonini beradi. Loyiha qiymati 4,28 mlrd (2023 nominal narxida) dollarni tashkil etadi. Mazkur yo‘l qurilishi bo‘yicha davlat-xususiy sherikchilik kelishuvi 49 yil muddatga amal qiladi.

Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li chizmasi. Foto: Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyevning taqdimotidan.Loyihalarni investitsiya oldidan o‘rganish va tender jarayonlarida bitimlar bo‘yicha maslahat berish yuzasidan Ove Arup and Partners International Limited, PricewaterhouseCoopers Central Asia and Caucasus BV va CMS Cameron Mc Kenna Nabarro Olswang LLP qo‘shma korxonasi bilan umumiy qiymati 6,78 mln dollarlik shartnoma imzolangan.

Transport vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yo‘l qurilishi bo‘yicha boshqa ma’lumotlar loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgach ma’lum bo‘ladi. Tender o‘tkazilib, TIA ishlab chiqilgach, ba’zi detallar o‘zgarishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101115 | Инструменты