Tadbirda mamlakatimiz parlamenti tomonidan 16 ta kodeks, 600 dan ziyod qonun qabul qilinib, 200 dan ortiq ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilinganligi ham mutaxassislar tomonidan keltirildi.
Bosh qomusimiz bo‘lmish Konstitutsiyamizning 25 yilligi arafasida Sergeli tumani Moliya va xalq ta’limi bo‘limi, Xalq qabulxonasi hamda tuman Majburiy ijro byurosi hamkorligida Toshkent moliya va iqtisodiyot kolleji o‘quvchilari uchun tadbir tashkil etildi. Unda “Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarining kafolati”, “Milliy davlatchiligimiz va huquq tizimining manbai”, “Taraqqiyotimiz va farovonligimizning muhim huquqiy asosi” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Davra suhbatida ta’kidlanganidek, konstitutsiya qabul qilingan kunning har yili keng nishonlanishi halqimizning mustaqil, erkin va demokratik, huquqiy jamiyat qurish yo‘lidagi tantanasidir. Bosh Qomusimizda o‘zbek xalqining irodasi aks ettirilgan bo‘lib, unda huquq va manfaatlarmizning qonun bilan himoyalanishi kafolatlangan. MIB Sergeli tumani Davlat ijrochisining qayd etishicha, konstitutsiyaning qabul qilinishi, jamiyat va davlat qurilishining barcha jabhalaridagi munosabatlarni, milliy qonunchiligimizni tartibga soluvchi aniq huquqiy mexanizmni yaratishga xizmat qilgan.
O‘quvchilar bilan muloqot davomida konstitutsiya normalarini hayotga to‘la tatbiq etish maqsadida mamlakatimiz parlamenti tomonidan 16 ta kodeks, 600 dan ziyod qonun qabul qilinib, 200 dan ortiq ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilinganligi ham mutaxassislar tomonidan keltirildi.
Munisa Ziyomuhammedova Toshkent moliya va iqtisodiyot kolleji o‘quvchisi:Biz ma’ruzalarda, rivojlangan davlatlar ilg’or tajribasidan kelib chiqib, bugun konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida tashkilotchilardan ma’lumotlar oldik. Qayd etilishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasi jahondagi eng mukammal qomuslardan biri bo‘lib, ixchamligi, keng qamrovligi va insonparvarligi bilan ajralib turar ekan. Qolaversa, asosiy qonunimizning 2-moddasida “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar” degan prinsipning kiritilganligini ham bilib oldik.
Tashkilotchilarning o‘tkazgan mazkur tadbirlari zoye ketmadi. Sababi, bosh qomusimiz bo‘yicha boshlang’ich tushunchaga ega bo‘lgan o‘quvchilar u haqida yana ham ko‘proq ma’lumotlarni bilib olishdi. Bu eng avvalo ularning fuqarolik pozitsiyasida mustahkam turishlari uchun asos bo‘lishi shubhasiz.
Alpha version: 0.9.1.19 build 43009 | Инструменты