Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga qarshi reydlar kuchaytirildi

“Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmatiga ko‘ra, joriy yilning 11 oyi mobaynida jamoat transportida 19 500 dan ortiq yo‘l haqini to‘lamaslik holati aniqlangan. Bu ko‘rsatkich jamoat transporti tizimida nazorat va intizomni yana-da kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashni taʼminlashga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Reydlar Transport nazorati inspeksiyasi hamda Toshkent shahar yo‘lovchi tashish faoliyatini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Endilikda Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlariga yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan jarima bayonnomalarini rasmiylashtirish huquqi berildi. Bu o‘zgarish qonunbuzarliklarga tezkor munosabat bildirish va qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Axborot xizmatining taʼkidlashicha, jamoat transportida yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lash nafaqat qonun talabi, balki tizimning barqaror ishlashi va xizmat sifati yaxshilanishi uchun ham muhim omil hisoblanadi.

“Hurmatli yo‘lovchilar! Avtobuslarda yo‘l haqi to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshirishni unutmang”, deya murojaat qilingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120316 | Инструменты