Huawei 1
Toshkent viloyati Yangiyo'l tumanida homilador ayol shifoxonada vafot etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda yangiyo‘llik homilador ayolning shifoxonada vafot etgani haqida aytilgan videomurojaat tarqaldi. Toshkent viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ushbu holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 1997 yilda tug‘ilgan homilador ayol M.Q. Yangiyul shahridagi tug‘uruq muassasasiga shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi yo‘llanmasi bilan murojaat qilgan va 2023 yilning 14 noyabr kuni (videomurojaatda aytilganidek, 13 noyabr kuni emas) “Homiladorlik-2, 31-32 hafta, muddatidan avvalgi tug‘uruq xavfi” tashxisi bilan qabul qilingan.

Markazda bemor zarur tekshiruvlardan o‘tkazilib, davo choralari olib borilgan. Shu kuni kechqurun ayolda ko‘ngil aynishi va qayt qilish holati kuzatilgan. Bemor ushbu holatni somsa va salat yeyishi bilan bog‘lagan. Infeksionist va xirurg ko‘riklari tashkil etilib, oshqozon-ichak faoliyati buzilishi qayd qilingan. UTT tekshiruvida bachadon normotonusda, jigar va o‘t pufagi faoliyati normal ekani tashxislangan.

Shundan so‘ng homilador ayol undan xabar olgani kelgan turmush o‘rtog‘i bilan uchrashgan.

Palataga qaytgandan so‘ng kutilmaganda ayolning ahvoli og‘irlashib, hushidan ketgan. Ko‘rsatilgan reanimatsion shoshilinch tibbiy yordam choralariga qaramay, bemorda biologik o‘lim holati yuz bergan.

Sud tibbiyot ekspertizasi dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumada homiladorlikka aloqador bo‘lmagan neyrofibromatoz xastaligi asoratlari oqibatida taloq arteriyasining, ichak tutqich tomirlarning spontan yorilishi to‘satdan o‘lim holatiga olib kelgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, arteriyalarning to‘satdan yorilishi – nasliy xastalik hisoblangan neyrofibromatoz (Reklingxauzen sindromi)ning asorati bo‘lib, aksariyat holatlarda o‘lim bilan yakunlanadi.

Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar surishtiruv olib bormoqda. Yakuniy xulosa haqida qo‘shimcha xabar beriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72715 | Инструменты