U dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga 17 gektar yer maydonini ijaraga olib berishni va’da qilgan.
DXX yer maydonlarini noqonuniy tarzda sotayotganlarni qo‘lga olmoqda. Xususan, Kadastrlar palatasining tumandagi xodimini 15 ming AQSH dollari olayotganda qo‘lga oldi.
Davlat kadastrlari palatasining Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani filiali xodimi va 1981 y.t. shaxs o‘zaro til biriktirib, dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga tumandagi fermer xo‘jaliklaridan biriga tegishli 17 gektar yer maydonini ijaraga olib berish evaziga 15 ming AQSH dollari talab qilishadi.
Ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Xususan, Qashqadaryo viloyatida:
Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi shaxs aldov yo‘li bilan o‘zganing ishonchiga kirib, unga tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 55 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali olib berishiga ishontirgan. Buning evaziga 55 ming AQSH dollari talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 11 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Farg‘ona viloyati: Farg‘ona tumanida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning 13 gektar yer maydonini xaridorga 20 ming AQSH dollariga sotishga va hokimiyatdagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishga kelishib, oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi dehqon xo‘jalik rahbari tuman hokimining 2019 yildagi qarori bilan dehqon xo‘jaligi tashkil etish hamda vaqtincha foydalanish uchun ajratilgan 2 gektar yer maydonini xaridorga 300 mln. so‘mga sotishga kelishadi.
DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda dehqon xo‘jalik rahbari talab qilingan pul mablag‘idan 8200 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90806 | Инструменты