Ijtimoiy tarmoqlarda go'yoki "zakladchik"larga (narkotik moddalarni sotuvchilar) qarshi kurash tarzida videoga olingan videolar keng tarqaldi. Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rasmiy bayonot berdi.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil 22-yanvar kuni ikki kishi 25 va 20 yoshli yigitlarni urib tan jarohati yetkazgan. Holat bo‘yicha aniqlik kiritish maqsadida tezkor surishtiruv olib borilgan.
Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlarga asosan Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 2-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu modda bilan aybdor deb topilganlar 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida ushbu jinoyatni 23 yoshli ikki fuqaro sodir etgani aniqlangan va Toshkent viloyatining Qibray tumani hududida navbatdagi bezorilik jinoyatini amalga oshirish maqsadida voqea joyiga kelgan vaqtida ushlangan.
Hozirda jinoyat ishiga aloqador bo‘lgan jinoiy guruh a’zolari hamda ularni boshqa jinoiy holatlarini aniqlashga qaratilgan tezkor surishtiruv tadbirlari hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50906 | Инструменты