Huawei 2
Toshkent viloyatidagi bog‘chada bolani urib, hojatxonaga qamab qo‘ygan tarbiyachi ishdan olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi bog‘chada murabbiy bolakayni urayotgani aks etgan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, voqea nazoratga olinganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, voqea Chirchiq shahridagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasida 8-fevral kuni bo‘lgan. Bog‘cha tarbiyachisi “oilaviy sabablarga ko‘ra asabiy holatda bo‘lgani” tufayli tushlik paytida uxlay olmay yig‘layotgan bolaga bir necha bor qattiq baqirib, so‘ng bolani urib, hojatxonaga qamab qo‘ygan.

Hozirda tarbiyachi Mehnat kodeksining 161-moddasining 5-bandi (Xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi uchun mehnat shartnomasini bekor qilish) asosida lavozimidan ozod etilgan.

Holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda va tarbiyachining harakatiga huquqiy baho berilmoqda.

“Tarbiyachi tomonidan bu tarzdagi jazo usulini qo‘llanilishi bolaning manfaatlariga mutlaqo ziddir️. Bolaning ruhiy-emotsional sog‘lig‘iga, sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi bunday harakatlar javobsiz qolishi mumkin emas”, — deyiladi bolalar ombudsmani xabarida.

Bolalar ombudsmani mazkur fakt bo‘yicha bolaning qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan o‘z kuzatuvini qat’iy davom ettirishini bildirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga