Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklandi
“Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5151-son, 19.06.2021 y.) qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, 1968–1997 yillarda O‘zbekistonda o‘tkazib kelingan “Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining Toshkent xalqaro kinofestivali” “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali nomi bilan qayta tiklanib, 2021 yildan har yili sentyabr–oktyabr oylarida Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Shunga ko‘ra, “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali joriy yilda 28 sentyabr – 3 oktyabr kunlari “Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat” shiori ostida o‘tkaziladi.
Gʻoyasi va mazmuni Kinofestival shioriga mos, jahon kinematografiyasi rivojida salmoqli o‘ringa ega filmlarning ijodkorlari diplom, ramziy haykalcha va har biri 20 ming AQSH dollaridan iborat beshta pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, Osiyo qit’asi va qadimiy Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan mamlakatlar yosh kinoijodkorlarining qisqa metrajli filmlari festivali g‘oliblari diplom va quyidagi miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin uchun – 15 ming AQSH dollari;
2-o‘rin uchun – 10 ming AQSH dollari;
3-o‘rin uchun – 7 ming AQSH dollari.
Qaror bilan Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi boshqaruviga berilib, uning negizida “Kinochilar uyi” tashkil qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110509 | Инструменты