Poytaxtning Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi 59-uyda istiqomat qiluvchi aholidan Toshkent shahar hokimligiga murojaat kelib tushgan. Unga ko‘ra, ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida joylashgan "Yalpiz" restorani o‘z faoliyati bilan shu uy aholisiga qator noqulayliklar keltirishi aytilgan.
Xususan, restoranning uy hovlisida joylashgan xo‘jalik qurilmasida restoran rahbariyati tomonidan oshxona tashkil qilinib, restoran dudbo‘ronlari, konditsionerlar qatorida taomlarni tayyorlash uchun issiqlik uskunalari, shu jumladan mangal o‘rnatilgani, mangal ko‘mirda yoqilishi va bu ko‘p qavatli uy uchun yong‘in xavfini keltirib chiqarishi vaj qilingan.
Shuningdek, bevosita aholi derazalariga yaqin joylashgan dudbo‘ronlardan chiqayotgan shovqin va qovurilgan taomlarning hidi, aholi uchun katta noqulaylik tug‘dirishi aytilgan. Bundan tashqari, restoran xodimlari tomonidan uy hovlisida chiqindilar tashlab ketilishi keltirilgan.
Ushbu holat Toshkent shahar hokimligining nazoratiga olindi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi yordamida tegishli o‘rganish va tekshiruvlar olib borildi.
Natijada, 25-noyabr kuni umumiy ovqatlanish maskanining rahbariyati tomonidan faoliyatda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, ularni belgilangan muddat ichida bartaraf etish majburiyati yuklandi. Shu jumladan, Shota Rustaveli ko‘chasi, 59-uy hovlisida joylashgan uskunalarni boshqa, aholiga noqulaylik tug‘dirmaydigan joyga ko‘chirish belgilandi va restoranning faoliyati kamchiliklar bartaraf etilishiga qadar to‘xtatildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60914 | Инструменты