Toshkentda atom sinflari ochilmoqda: Oʻzbekiston atom energetikasi uchun uzluksiz kadrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda

Toshkentda atom sinflari ochilmoqda: Oʻzbekiston atom energetikasi uchun uzluksiz kadrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyilyapti. Bu haqda Özbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligining rasmiy kanalida ma'lum qilindi.

I. M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti (MTU) qoshidagi akademik litsey hamda TIQXMMI qoshidagi “International House-Tashkent” akademik litseyi negizida ixtisoslashtirilgan “atom” sinflari” tashkil etilmoqda. Imzolangan anglashuv memorandumlari oʻquvchilarni chuqurlashtirilgan tarzda kasbga tayyorlash boʻyicha uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlaydi.

Dastur fizika, matematika va informatika fanlarini chuqur oʻrganish, atom energetikasining zamonaviy texnologiyalari bilan amaliy tanishish, kasbga erta yoʻnaltirish hamda qoʻshma ilmiy-maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etishni nazarda tutadi. Oʻquvchilar mutaxassislarning maʼruza va seminarlarida, olimpiadalar hamda kasbga yoʻnaltirish uchrashuvlarida qatnashish, shuningdek, “MMFI” MTYU Toshkent filialiga oʻqishga kirish uchun maqsadli tayyorgarlik koʻrish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa litseydagi ixtisoslashtirilgan taʼlimdan toki oliy taʼlim va atom sanoatidagi kasbiy faoliyatgacha boʻlgan uzluksiz taʼlim zanjirini shakllantiradi.

Oʻzbekiston uchun bunday tashabbus strategik ahamiyatga ega. Yadro energetikasini rivojlantirish va milliy atom infratuzilmasini barpo etish yoshlikdanoq xavfsiz ishlash tamoyillarini, texnologik asoslarni va tinchlik maqsadidagi atom istiqbollarini anglaydigan malakali mutaxassislarni talab etadi. Atom sinflari ushbu kadrlar zaxirasini tizimli ravishda shakllantirish imkonini beradi.

Jahon tajribasi erta ixtisoslashtirilgan tayyorgarlikning samaradorligini tasdiqlamoqda.

Xalqaro tajriba, jumladan, XAEAning yoshlarni sohaga jalb etish va yadroviy taʼlimni rivojlantirish borasidagi yondashuvlari, shuningdek, atom sanoati rivojlangan mamlakatlar amaliyoti maktab davridanoq erta ixtisoslashtirilgan tayyorgarlik va chuqurlashtirilgan STEM dasturlari uzluksiz kadrlar yetishtirish tizimini shakllantirishini koʻrsatmoqda.

Fransiyada tayyorlov sinflari tizimi anʼanaviy ravishda atom sanoati uchun muhandislarni yetishtirib beradi; Janubiy Koreya va Xitoyda maktab davridan boshlanadigan kuchli texnik tayyorgarlik AESlarni uzluksiz qurish va ishlatish jarayonini taʼminlaydi; AQSH va boshqa mamlakatlarda esa oʻrta maktabda fizika, matematika va muhandislik fanlariga beriladigan eʼtibor yadroviy mutaxassisliklarga oʻqishga kirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.

Bunday dastur bitiruvchilari yuqori oʻzlashtirish koʻrsatkichlarini namoyon etadi, koʻproq yadroviy va muhandislik yoʻnalishlarini tanlaydi, amaliyotni muvaffaqiyatli oʻtaydi va korxonalardagi muhitga tezroq moslashadi. Koʻpgina mamlakatlarda ular atom stansiyalari, loyihalash tashkilotlari va ilmiy markazlarning asosiy kadrlar tarkibini tashkil etib, mavjud energobloklarni ishlatish va yangi loyihalarni tayyorlashda ishtirok etadi. Kasbga erta yoʻnaltirish kadrlar taqchilligini kamaytiradi va xavfsizlik madaniyatini yuksaltiradi — bular atom energetikasini rivojlantirayotgan mamlakatlar uchun hal qiluvchi omillardir.

Toshkentda atom sinflarining tashkil etilishi Oʻzbekiston oʻquvchilari uchun ham xuddi shunday istiqbolli yoʻlni ochadi: litseydagi chuqurlashtirilgan bilimdan — oliy taʼlim va milliy atom sanoatida oʻz kasbiy oʻrnini topish sari. Bugun bilimga kiritilayotgan sarmoya ertaga mamlakatning energetik mustaqilligi va texnologik taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor boʻladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 103014 | Инструменты