Isitish mavsumida ayrim ehtiyojmand oilalarga 1 million soʻmdan moddiy yordam beriladi

Isitish mavsumida ayrim ehtiyojmand oilalarga 1 million soʻmdan moddiy yordam beriladi. Bu haqda 28-oktabr kuni Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2026/2027-yilgi isitish mavsumida 2026-yil noyabr oyida ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarga va “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reestrga kiritilmagan, biroq ijtimoiy-iqtisodiy holati boʻyicha Reestrga kiritish mezonlariga mos keladigan oilalarga 1 mln soʻmdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi.

Shuningdek, oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 2 barobaridan oshmaydigan oilalarga;

- markazlashtirilgan isitish tizimiga ulangan koʻp qavatli uylarda yashovchi oilalarga. Bunda mazkur oilalarning har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda minimal isteʼmol xarajatlarining 2 barobaridan hamda Toshkent shahrida 3 barobaridan oshmasligi lozim;

- barqaror ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha tuman (shahar) shtablari qaroriga muvofiq har bir oila aʼzosiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi yuqorida nazarda tutilgan mezonlardan oshgan ayrim ehtiyojmand oilalarga;

- Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning reestridagi fuqarolarga, shuningdek, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yashayotgan oilalarga.

Oilalarning ehtiyojmandligini aniqlashda oiladagi jon boshiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromad mezoni oshiriladi

Unga koʻra, yoqilgʻi-energetika sohasida bozor tamoyillariga bosqichma-bosqich oʻtish jarayonida oilalarning ehtiyojmandligini aniqlashda oiladagi jon boshiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromad mezoni quyidagicha oshiriladi:

  1. Elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli boʻyicha kompensatsiya tayinlashda – minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan 2 barobarigacha;
  2. Koʻmir sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun moddiy yordam ajratishda – minimal isteʼmol xarajatlarining 1 barobaridan 2 barobarigacha;
  3. “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kommunal xarajatlarni qoplash yoki kommunal toʻlovlar boʻyicha mavjud qarzdorlikni bartaraf etishda hamda koʻmir yoki boshqa yoqilgʻi mahsulotlari bilan taʼminlash xarajatlarini qoplashda –minimal isteʼmol xarajatlarining 1 barobaridan 2 barobarigacha.

Aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli boʻyicha bazaviy meʼyor doirasidagi tariflar bilan bazaviy meʼyordan ortiq isteʼmol uchun belgilangan tariflar oʻrtasidagi farqni kompensatsiya qilish muddati 2028-yil 1-aprelga qadar, koʻmir sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun moddiy yordam toʻlash muddati esa 2029-yil 1-yanvarga qadar uzaytiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 103012 | Инструменты