Toshkentda birlamchi uy-joy bozorida narxlar 3 foizga oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining yangilangan tahliliga ko‘ra, 2025 yilning sentyabr oyi yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori barqaror o‘sishni saqlab qolmoqda.

Respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 24,2 mingtani tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,7 foizga ko‘p.

Eng yuqori yillik o‘sish Sirdaryo (+35,6 foiz), Buxoro (+20,2 foiz) va Toshkent shahrida (+31,2 foiz) qayd etildi.

2025 yilning uchinchi choragida jami 75,5 mingta shartnoma rasmiylashtirildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,6 foiz va joriy yilning ikkinchi choragiga nisbatan 11 foizga ko‘p. Eng katta o‘sish Buxoro (+27,3 foiz), Sirdaryo (+24,9 foiz) va Toshkent (+19,9 foiz)da kuzatildi.

Ikkilamchi va birlamchi bozorlar

Ikkilamchi uy-joy bozorida sentyabr oyida o‘rtacha narxlar 0,6 foizga oshgan, yillik o‘sish esa 4,6 foizni tashkil etdi. Eng yuqori narx o‘sishi Surxondaryo (+19 foiz), Sirdaryo (+15,8 foiz) va Jizzax (+14,5 foiz)da qayd etildi.

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar sentyabrda 0,6 foizga oshgan, yillik hisobda esa 1,7 foizga pasaygan. Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida o‘rtacha 4,3 foizga pasayish kuzatildi.

Birlamchi uy-joy bozorida narxlar 3 foizga oshgan, eng yuqori o‘sish Mirobod, Bektemir va Yakkasaroyda qayd etildi (o‘rtacha 5,8 foiz).

Ijara bozori

Sentyabr oyida Toshkentda uy-joy ijarasi uchun o‘rtacha narx bir kv.m 8,5 dollarni tashkil etdi. Eng yuqori narxlar Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroyda kuzatildi.

O‘tgan yilning sentyabriga nisbatan ijara narxlari poytaxtda 1,4 foizga oshdi. Eng katta o‘sish Yunusobod, Olmazor va Mirobodda bo‘ldi (o‘rtacha 4,4 foiz).

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102221 | Инструменты