Toshkent shahrida fuqarolarni Yevropa davlatlariga noqonuniy yo‘llar bilan ishga yuborishni vaʼda qilgan MCHJ rahbari ushlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Chilonzor tuman bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda “Ch.g” MCHJ rahbari G‘.K. (muqaddam sudlangan) fuqaro B.R. va boshqalarning ishonchiga kirib, ularga soxta sertifikat va diplom tayyorlab berish orqali Yevropa davlatlariga ishga yuborishni vaʼda qilib, evaziga B.R.dan 4,5 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida, MCHJ rahbari G‘.K. fuqaro U.T. va boshqalarni aldab, ularni chet elga ishga yuborishi evaziga 25,8 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani, shuningdek, besh nafar fuqaroning nomiga “H-W.” MCHJda turli kasblarga o‘qigani to‘g‘risida soxta sertifikatlar tayyorlab qo‘ygani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11514 | Инструменты