Huawei 1
AQShda Ilon Mask Twitter’ni sotib olgani uchun sudga tortildi

AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) Ilon Maskni 2022-yilda Twitter’ning katta ulushini sotib olganini kech oshkor qilgani uchun sudga berdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Milliarder qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha federal qonunni buzgani aytilmoqda. Chunki u Twitter aksiyalarining dastlabki 5 foizini sotib olganini e’lon qilishni 11 kunga kechiktirgan. SEC qoidalariga ko‘ra, investorlar 10 kalendar kun ichida 5 foiz aksiyaga egalik qilish chegarasini kesib o‘tgani haqida xabar berishi shart. Mask uchun bu muddat 2022-yil 24-martda tugagan.

Milliarder 2022-yil 4-aprelgacha o‘z xaridlari haqida xabar bermagan, bu paytda u kompaniya aksiyalarining 9,2 foiziga egalik qilgandi. SEC shu vaqt oralig‘ida u Twitter aksiyalarini sun’iy ravishda pasaytirilgan narxlarda 500 million dollardan ortiqqa sotib olgani, bu esa boshqa investorlarga zarar keltirganini aytdi.

Uning ulushi haqidagi ma’lumot oshkor qilingandan so‘ng Twitter aksiyalari narxi 27 foizdan ko‘proqqa oshdi.

SEC Maskdan jarima to‘lashni va noqonuniy yo‘l bilan olgan daromadlarini qaytarishni talab qilmoqda.

2022-yil oktyabrda Twitter’ni 44 milliard dollarga sotib olib, uni X deb o‘zgartirgan Ilon Mask o‘z advokati Aleks Spiro orqali bu da’voni SECning ko‘p yillik ta’qib kampaniyasining bir qismi deb baholadi.

“SECning bugungi harakatlari ular haqiqiy ayblovlarni qo‘ya olmasliklarini tan olishdir. Ayblovlar faqat ma’muriy qoidabuzarlik — bitta shaklni o‘z vaqtida taqdim etmaslik bilan bog‘liq bo‘lib, bu isbotlansa ham, faqat arzimas jarimaga olib keladi”, dedi advokat.

SEC ushbu da’voni Donald Trampning inauguratsiyasidan olti kun oldin taqdim etdi. SEC rahbari Geri Gensler o‘z vakolatlarini shu kuniyoq zimmasidan soqit qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11517 | Инструменты