Toshkentda IIO xodimlari Malibu’ni o‘q-otar qurol bilan to‘xtatdi. Holat yuzasidan IIV izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda kecha, 7 yanvar kuni Toshkentda Ichki ishlar organlari xodimlari Malibu avtomobilidagi haydovchining noqonuniy harakatlarini o‘q-otar qurol bilan to‘xtatgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan IIV Axborot xizmati izoh berdi.
Qayd etilishicha, 7 yanvar kuni soat taxminan 15:00larda Yunusobod tumani Yangi shahar ko‘chasi bo‘ylab 1976 yilda tug‘ilgan, kuchli darajadagi mast holatida bo‘lgan fuqaro A.A. boshqaruvidagi “Malibu” avtotransporti, shu yerda xizmat o‘tayotgan YHX xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, o‘zgalarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf solgan holda qochishga uringan.
Xodimlar, haydovchining noqonuniy harakatlari oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatlarni oldini olish maqsadida, belgilangan tartibda o‘q-otar qurolini qo‘llaganlar.
Natijada avtotransport vositasi majburiy to‘xtatilib, haydovchi zararsizlantirilgan. Qurol qo‘llanilishi natijasida hech kim jarohatlanmagan.
Hozirda, mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10112 | Инструменты