Huawei 1
Toshkentda ikki bloger va brbalo musiqiy guruhi artistlari yumoristik klipi uchun qamaldi

Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi yumoristik klipda ishtirok etgan ikki bloger — brbalo musiqiy guruhining artistlari Kamal Yusupov va Abror Gulyamovni ma’muriy javobgarlikka tortdi, deya yozmoqda Gazeta.uz.

Avgust oyi oxirida musiqachilar va blogerlardan iborat poytaxtning brbalo musiqiy guruhi yangi “Aboka 2” klipini chiqargandi (video keyinchalik o‘chirilgan). Unda chet el qo‘shiqlari o‘zbek tilida hazil ohangida ijro etilgan. Video prodyuserlari sifatida Kamal Yusupov (bloger, go.uz yumoristik loyihasi ishtirokchisi) va Abror Gulyamov (bloger, musiqachi, O‘zbekiston KVN Oliy ligasi chempioni) ko‘rsatilgan. Ilgari jamoa “Uzbekistan” va “Mokrыy asfalt” kabi boshqa yumoristik kliplarni ham chiqargan.

8-oktabr kuni Telegram kanallaridan biri mazkur klipni tanqid qilib, undan parchalar tarqata boshladi.

Videoning boshida ushbu video hazil tariqasida suratga olingani haqida diskleymer yozilgan:

“U maxsus material hisoblanib, hech kimni xafa qilish, his-tuyg‘ularini ranjitish maqsadida olinmagan. Mualliflar hech qanday harakat talab qilmaydi va hech narsa da’vo qilmaydi. Video faqat kulgili maqsadlarda yaratilgan va unda LGBT tashviqoti yo‘q. Biz tamaki mahsulotlari, alkogol va giyohvandlikka qarshimiz. Videoda haqoratli so‘zlar bo‘lishi mumkin. Yosh chegarasi 18+. Agar siz ushbu videoni tomosha qilishni davom etsangiz, rozilik bildirasiz va ogohlantirilgansiz!”

Videoda yasama soch taqqan Kamal Yusupov intim xizmatlar sohasidagi ayol obrazini aks ettiradi. Syujetga ko‘ra, Abror Gulyamov (Aboka) uni sevib qoladi, biroq keyinroq so‘ngra do‘stiga uylanayotganidan xabar topadi.

Sud qarorida qayd etilishicha, Kamal Yusupov va Abror Gulyamovlar “jamiyatda o‘rnatilgan yurish-turish qoidalarini, ya’ni odob va axloq normalari, urf-odat, an’analar bilan belgilangan jamoat tartibini qasddan mensimasdan, ijtimoiy tarmoqda turli uyatli va haqoratomuz so‘zlar bilan so‘kingan videolavhalarni joylab, fuqarolarning osoyishtaligini buzish orqali, keskin noroziligiga sabab bo‘lgan”.

Sudga ariza bilan Qashqar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi A.To‘xtayev va uch nafar fuqaro murojaat qilgan. Mahalla raisi sud majlisida video odob-axloq me’yorlari va an’analarga zid ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, blogerlarning ushbu harakatlarida yoshlar, voyaga yetmaganlarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar mavjud, yoshlar tarbiyasiga e’tibor qaratish dolzarb masala bo‘lib qolgan davrda ularning ushbu harakatlari o‘sib kelayotgan yosh avlodning odob-axloqiga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin. MFY raisi ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni, bu kelgusida yosh avlod uchun o‘rnak va dars bo‘lishini bildirib ko‘rsatuv bergan.

Qayd etilishicha, Yunusobod tumani IIB xodimlari ularni profilaktik suhbat o‘tkazish uchun IIB taklif qilgan, biroq ular “uzrli sabablarsiz IIO xodimlarining qonuniy talabini” bajarmagan.

Sud qarorida aytilishicha, Kamal Yusupov va Abror Gulyamov o‘z ayblariga to‘liq iqror bo‘lib, uzr so‘ragan.

Sudya Z.Latipov ularni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topib, 15 sutkaga qamoq jazosini tayinladi. Shuningdek, ular maxsus tergov izolyatorida saqlanayotgani uchun 843,7 ming so‘m to‘lashlari kerak.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101419 | Инструменты