Huawei 1
18-may kuni Toshkentda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha II Xalqaro forum bo‘lib o‘tadi

2023-yil 18-may kuni Hilton Tashkent City mehmonxonasida “Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni tatbiq etish” II Xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi.

Forumda 200 dan ortiq delegatlar, shu jumladan, kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha J-PAL global tashabbusi, BMT, BMTTD, XMT, Jahon banki, YUNICYeF, OTB, FTA, GIZ va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Iqtisod bo‘yicha Alfred Nobel nomidagi mukofot sovrindori, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha global tashabbusi J-PAL hammuassisi — Abxidjit Banerdji, Jorj Vashington universitetining farovonlik iqtisodiyoti va kambag‘allikni o‘lchash bo‘yicha iqtisod professori —Jeyms Foster, Oksford kambag‘allikka qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish tashabbusi direktori — Sabina Alkayrning ishtiroki katta ahamiyatga ega bo‘ladi.
Shuningdek, Forumda Osiyo taraqqiyot banki vise-prezidenti Shichen Chen, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vise-prezidenti Anna Byerde, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Konsuelo Vidal Brus, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzoda, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, Xitoy Xalq Respublikasining kambag‘allikka qarshi kurash xalqaro markazi direktori Lyu Szyunven, Pekin pedagogika universiteti professori, Qishloq hududlari reabilitasiyasi milliy departamenti rahbari Chjan Si o‘z ma’ruzalari bilan qatnashadi.

Bundan tashqari, Forumda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, shuningdek, diplomatik korpus vakillari ishtirok etishadi.

Xalqaro forumning maqsadi – kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or jahon tajribasi va usullarini o‘rganish, yaqin yillarda ko‘p o‘lchovli kambag‘allikka barham berishda muvofiqlashgan kompleks yondashuv, ijtimoiy himoya va manzilli yordamga alohida e’tibor qaratgan holda amalga oshiriladigan qo‘shma tadqiqotlar uchun ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirish, inson kapitalini takomillashtirish orqali mehnat bozorida o‘qitish dasturlari sifatini oshirish, kichik korxonalarning o‘sishini qo‘llab-quvvatlash, yuqori sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘ladi.

Ishtirokchilar rivojlanayotgan mamlakatlarda to‘plangan tajribani yanada ommalashtirish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston erishgan yutuqlarning usullari va natijalarini, jumladan, ularning samaradorligini ko‘rib chiqadilar.

Forum doirasida hamkorlikka oid bir qator hujjatlarni imzolash va qo‘shma kommyunikeni qabul qilish rejalashtirilgan. Xususan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda J-PAL global tashabbusi o‘rtasida Hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82310 | Инструменты