Huawei 2
Toshkentda ko‘p qavatli uylarni sotish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar uy uchun to‘lovlarni olib, firibgarlik sodir etgani ma'lum bo'ldi

Toshkent shahar IIBBga bir nechta fuqarolar ariza bilan murojaat qilib, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar uchun to‘lovni amalga oshirganligi, biroq MCHJ tomonidan shu kunga qadar xonadonlar topshirilmaganligi sababli ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, 1977-yilda tug‘ilgan Sharipov Obid Aripovich “MAX-HOUSE-GROUP” MCHJni tashkil qilib, o‘zining sheriklari 1982-yilda tug‘ilgan Osimov Axtam Axmadovich va 1989-yilda tug‘ilgan Samandarov Azizbek Alijonovichlar bilan birga bir nechta fuqarolarga nisbatan firibgarlik sodir etgan.

Jumladan, O.Sharipov MCHJ nomidan Uchtepa va Chilonzor tumanlarida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni sotishligini maʼlum qilib, fuqarolardan xonadonlar uchun to‘lovlarni qabul qilib olgan. Vaholanki, ushbu ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun hech bir mutassaddi tashkilotlardan ruxsat olmasdan va uy qurishga kerakli biron-bir hujjatlarga ega bo‘lmasdan, kadastr hujjatlari yo‘q bo‘lgan xonadonlarni fuqarolarga sotishligini bildirib, aldov yo‘li bilan juda ko‘p miqdordagi pullarni o‘zlashtirib olishgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (“Firibgarlik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida A.Sharipovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Gumonlanuvchilar A.Samandarov va A.Osimovlar tergovdan qochib yashiringanligi sababli, ular qidiruvga berilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

"Hurmatli fuqarolar agar Siz ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki qidiruvdagi shaxslarning qayerda ekanligi haqida biror maʼlumotga ega bo‘lsangiz Toshkent shahar IIBBning 71-206-42-28, 71-206-49-46 yoki 102 raqamlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz", - deyiladi xabarda

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga