Toshkent shahrida mushuk ustiga qaynoq suv quyib azoblagan xitoylik erkak 5 sutkaga qamaldi. Bu haqda «Mehr va Oqibat» hayvonlarni himoya qilish jamiyati xabar berdi.
Qayd qilinishicha, jamiyat telefon raqamiga ayol kishi murojaat qilib, qo‘shnisi – xitoylik erkak mushuk ustiga bir necha marta qaynoq suv quyib, idishda ushlab turganini va tashqariga chiqishiga yo‘l qo‘ymaganini ko‘rganini aytgan.
«Mehr va Oqibat» jamiyati erkakni javobgarlikka tortish va uni O‘zbekistondan deportatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqish talabi bilan IIV, TIV va Xitoy elchixonasiga murojaat qilgan.
18 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy sudi hayvonga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holati bo‘yicha ishni ko‘rib chiqib, erkakka 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan. Shuningdek, 20 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi xitoylikning apellyatsiyasini ko‘rib chiqib, jazo turini jarimaga o‘zgartirish to‘g‘risidagi shikoyatni qanoatlantirishni rad etgan va ma’muriy qamoq haqidagi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.
Ta’kidlanishicha, «Mehr va Oqibat» jamiyati endi xitoylik erkakni O‘zbekistondan chiqarib yuborilishi uchun harakat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92212 | Инструменты