Toshkentda O‘zbek–nemis fakulteti ochildi

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida O‘zbek–nemis fakulteti ochildi.

Fakultetning ochilishida Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Manfred Xuterer, O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi faxriy konsuli Angela Papenburg, Toshkentdagi Gyote instituti vakillari, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Germaniya elchixonasi xabariga ko‘ra, birinchi O‘zbek–nemis fakulteti 2024 yil 24 iyulda Toshkent davlat pedagogika universiteti (TDPU) hamda Merzeburg universiteti qoshidagi oliy o‘quv yurtlariga tayyorlovchi Halle-Merzeburg kolleji (Ming Cheng instituti tomonidan boshqariladi) hamkorligida tashkil etilgan.

Yangi fakultet Merzeburg, Osnabryuk va Media (Berlin/Frankfurt/Kyoln) universitetlari bilan hamkorlik to‘g‘risida ahdlashuv bayonnomasi imzoladi.

Eʼtiborga molik jihati, yangi  fakultet Berlin texnika universiteti ekspertlari ko‘magida O‘zbekistonda chet va mutaxassislik tili sifatida nemis tilida ilk bor bakalavr va magistratura dasturlarini taklif etadi. Oliy taʼlim bo‘yicha takliflar informatika/iqtisodiy informatika/OAV informatikasi yo‘nalishlaridagi diplomlarni ham qamrab oladi.

TDPU matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu hamkorlik loyihasi ilg‘or Germaniya standartlariga muvofiq yangi o‘quv dasturlarini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan.

Tashabbus keng ko‘lamli taʼlim dasturlarini, jumladan, o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturlarini qamrab oladi va Germaniyaning taniqli universitetlari bilan yaqindan hamkorlik qilishga qaratilgan.

O‘zbekistonda nemis madaniyati va tilini o‘rganishga katta qiziqish mavjud. Nemis tili mamlakatimizda eng ko‘p tarqalgan xorijiy tillar orasida ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda O‘zbekistonda 980 ta maktabda 270 mingga yaqin o‘quvchi nemis tilini o‘rganadi. 3 mingdan ortiq o‘qituvchi Gyote tilidan dars beradi.

Mamlakatimizda ko‘plab maktablarda nemis tili chuqur o‘rganilmoqda, ulardan 6 tasi (Toshkent, Samarqand, Marg‘ilon, Farg‘ona, Andijon va Paxtaobod) rasman tan olingan diplom (Deutsches Sprachdiplom) berish huquqiga ega.

Germaniyaning 30 dan ortiq universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba, aspirant va doktorantlar Germaniyaning universitet va tadqiqot markazlarida tahsil olmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты