Huawei 1
Toshkentda “Seftriakson” olgan ayol shifoxonaga yotqizilgani haqidagi xabarlar tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaroda “SEFTRIAKSON-BXFZ” dori vositasini qo‘llash natijasida nojo‘ya taʼsirlar kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi fuqaro A.X. o‘zida 3 kun davomida isitma, holsizlik kuzatilgandan so‘ng, uy sharoitida davolanish maqsadida shifokor tavsiyasisiz, o‘zboshimchalik bilan “Seftriakson” va “Lidokain” dori vositalari aralashmasini onasi yordamida mushak orasiga qabul qiladi. Oradan chamasi 10 daqiqa o‘tgach, bemorda badan qaqshashi, kuchli holsizlik, nafas siqishi va qon bosimining meʼyoridan oshib ketishi kuzatiladi.

Shundan so‘ng fuqaro "Tez yordam" mashinasida dislokatsiya bo‘yicha dastlab I.Ergashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasi, keyin esa ixtisoslashgan yordam ko‘rsatish maqsadida Ibn Sino nomli 1-son shahar klinik shifoxonasiga olib kelinib, standart bo‘yicha davo choralari qo‘llaniladi.

Bajarilgan muolajalar natijasida bemorda toshmalar, isitma, holsizlik kabi simptomlar bartaraf etilib, fuqaroning ahvoli yaxshilangandan keyin uyiga javob beriladi.

Dastlabki o‘rganishlar bemorda kuzatilgan nojo‘ya reaksiya mazkur dori vositasining sifati bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatmoqda.

Ushbu preparat qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda laborator tekshiruvlar natijasida sertifikatlashtirilib, tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun ruxsat etilgan. Shunga qaramasdan, bemordan qabul qilib olingan preparatlar ayni damda Markaz laboratoriyalarida qayta tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tmiz, “Seftraksion” dori preparati keng taʼsir doirasiga ega bo‘lgan antibiotiklar oilasining uchinchi avlodiga mansub bo‘lib, u bakterial infeksiyalarni davolashda qo‘llaniladi.

Lekin shamollash, gripp va boshqa virusli infeksiyalar muolajasida taʼsir ko‘rsatmaydi. Bu preparat shifokor retsepti asosida beriladi va shifokor nazorati ostida qo‘llaniladi. Undan uy sharoitida o‘zboshimchalik bilan foydalanish mutlaqo mumkin emas. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91612 | Инструменты