Toshkent shahrida o‘zini Prezident administratsiyasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimi sifatida tanishtirib yurgan shaxsga hukm o‘qildi, deya xabar bermoqda Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi.
Qayd etilishicha, poytaxtning Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasidagi tezkor tadbirda YPX xodimlari tomonidan fuqaro Javohir Orifjonov boshqaruvidagi Lacetti to‘xtatilgan. Hujjatlarni tekshirish jarayonida haydovchi o‘zini DXX xodimi ekanini aytib, yo‘l-patrul xizmati inspektorlariga DXXga tegishli bo‘lgan guvohnoma ko‘rsatgan.
Shuningdek, Orifjonov uni qo‘yib yuborishlarini iltimos qilib, go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi rahbar tanishiga qo‘ng‘iroq qilgan. Ushbu shaxs YHX boshqarmasi xodimiga uni qo‘yib yuborish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Ammo huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari o‘zini shubhali tuta boshlagan shaxsning maʼlumotlarini tekshirib ko‘rgan. Natijada fuqaro ko‘rsatgan xizmat guvohnomasi qalbaki ekani, DXXga umuman aloqasi yo‘qligi maʼlum bo‘lgan. Gumonlanuvchi shu joyning o‘zida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Olib borilgan surishtiruvlar natijasida Javohir Orifjonovning qator boshqa ishlari ham oshkor bo‘lgan. U, odatda, o‘zini prezident administratsiyasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi sifatida tanishtirgan hamda soxta mansabdor shaxs sifatida shaxsiy masalalarini hal qilib kelgan. Bunda u oldindan tayyorlab olgan soxta guvohnomalardan foydalangan.
«Men o‘zimni prezident administratsiyasida ishlovchi Alisher aka Sulaymonov deb tanishtirganman. Undan keyin o‘zim yana qaytib chiqib, o‘sha kishining jiyani bo‘laman, iltimos, ozgina yordamingiz kerak, deb o‘zimning ishlarim tezroq hal bo‘lishi uchun yordam so‘raganman. Judayam noto‘g‘ri bu, kechiringlar meni», — dedi 33 yoshli erkak.
Sud hukmi bilan Javohir Orifjonov Jinoyat kodeksining 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a”, “b” bandlari va 228-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga uzil-kesil 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Toshkent shahri IIBB Javohir Orifjonovning jinoyatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan yaqin oradagi ishchi ishlar organlariga yoki 102 raqamiga xabar berishlarini so‘radi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100712 | Инструменты