Huawei 1
Toshkentda tilanchilik bilan shug‘ullangan 70 kishiga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi

Toshkent shahrida iyun oyida tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga qarshi o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida uch yuzga yaqin shaxslar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi. Bu haqda Toshkent shahri IIBB xabar berdi.

Qayd qilinishicha, ularning 70 nafariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning «Tilanchilik qilish» moddasiga asosan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan, 47 nafari maʼmuriy jarimaga tortilgan. 68 nafari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan va sud tomonidan ogohlantirilgan. 44 nafar voyaga yetmagan bola Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga topshirilgan. 15 nafarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi sababli Reabilitatsiya markaziga yuborilgan, 2 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining «Tilanchilik qilish» moddasiga ko‘ra jinoyat ish qo‘zg‘atilgan. Qolgan shaxslarga nisbatan tekshiruv ishlari davom etmoqda.

Taʼkidlanishicha, 2025 yil yarim yillik hisobotiga ko‘ra, tilanchilikni o‘ziga kasb qilib olgan 1880 nafar shaxs aniqlangan.

Qonunchilikka ko‘ra, bu turdagi huquqbuzarlik bilan shug‘ullanish BHMning 3 baravarigacha miqdorda jarimaga (1 mln 125 ming so‘m) yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy holati buzilgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek, shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga taʼsir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan isteʼmol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish BHMning 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga (3 mln 750 ming so‘m) yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Shunday qilmish maʼmuriy jazo qo‘llangandan keyin sodir etilsa, jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi va 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82420 | Инструменты