Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Toshkentda uy-joy ijarasi bozori mart oyida barqaror qolib, narxlarda o‘zgarishlar qayd etilmadi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.
Ko‘chmas mulk bozoridagi faollik ketma-ket ikkinchi oy pasayishda davom etmoqda. Mart oyida bitimlar hajmi 8,8%ga kamayib, 20,4 mingtani tashkil etdi.
Shunga qaramay, bozor yillik ko‘rsatkichlarda barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda — mart oyida tuzilgan bitimlar soni 2024-yilning mos davriga nisbatan 15%ga oshdi.
2025-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, bitimlar umumiy soni 68,4 mingtaga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 10,8%ga o‘sdi.
Hududlar kesimida aollikning eng sezilarli o‘sishi Jizzax (34%) va Navoiy (29%) viloyatlarida qayd etildi.
Shu bilan birga, 2021-yilda tizimli kuzatuvlar boshlanganidan buyon birinchi marta, birinchi chorak yakuniga ko‘ra, biron bir hududda savdo hajmining pasayishi qayd etilmadi.
Mart oyida Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozorida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 0,6%ga, birlamchi bozor narxlari esa 0,4%ga kamaygan.
O‘tgan yilning mart oyiga nisbatan ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 5,7%ga kamaygan bo‘lsa, birlamchi uy-joy segmentida pasayish 3,7%ni tashkil etdi.
Yillik hisobda Toshkent shahri bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxida eng katta pasayish Mirobod (8%), Chilonzor (8,7%) va Yashnobod (7,5%) tumanlarida kuzatildi.
Yangi uylar narxlarida ham pasayish kuzatildi. Yil davomida bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narxlarda eng sezilarli pasayish Shayxontohur (14,7%), Uchtepa (11%) va Yunusobod (6,7%) tumanlarida qayd etildi.
Mart oyida Toshkent shahrida ijara narxlarida o‘zgarish kuzatilmadi va o‘rtacha ijara narxi bir kvadrat metr uchun $8ni tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $10ni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida ijara narxi yillik hisobda 7,4%ga pasaygan. Narxlarning eng katta pasayishi Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Chilonzor tumanlarida qayd etilib, pasayish sur’ati o‘rtacha 10%ga yetadi.
Mart oyida mamlakatda ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi fevral oyi darajasida qoldi. Yillik hisobda bir kvadrat metr uy-joy narxi 0,9%ga oshdi.
Hududlar kesimida eng sezilarli o‘sish Jizzax (12,3%), Surxondaryo (10,7%) va Qashqadaryo (8,5%) viloyatlarida kuzatildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72312 | Инструменты