Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalar daromadliligi o‘rganildi.
Aholi uchun turli investitsiya vositalarining, jumladan, aksiyalar, obligatsiyalar yoki pensiya fondlari kabi imkoniyatlarning cheklanganligi sharoitida rivojlanayotgan mamlakatlarda, ayniqsa uy-joy narxlari oshib borayotgan bir paytda jamg‘armalarni uy-joyga investitsiyalarga yo'naltirish tendensiyasi kuzatiladi.
Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalar daromadliligi tushib bormoqda. Xususan, joriy yil fevralda poytaxtda ko‘p qavatli uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi o‘rtacha 32,4%ni tashkil qilgan bo‘lsa, oktyabrda ushbu ko‘rsatkich 12,2%gacha tushdi. Ushbu ko‘rsatkich uy-joy joylashgan hudud va xonalar sonidan kelib chiqib, bir biridan sezilarli darajada farqlanadi:
1 xonali: Mirzo Ulug‘bek – 2,3% (fevralda – 25,7%), Shayxontohur – 17% (50%);
2 xonali: Sirg‘ali – 7,4% (19,4%), Shayxontohur – 17,2% (59%);
3 xonali: Bektemir – 3,2% (33,7%), Yunusobod – 13,7% (48,7%);
4 xonali: Bektemir – 2% (37,9%), Yunusobod – 17% (39,8%).
Uy-joy narxlari o‘zgarishidan olinadigan daromad. 2024 yil fevralda poytaxtda uy-joy va ijara narxlari nisbatan yuqori bo‘lgan hudud – Shayxontohur tumanida uy-joy narxlari ko‘tarilishi hisobiga ko‘rilishi mumkin bo‘lgan foyda o‘rtacha 35,8%ni tashkil etgan bo‘lsa, oktyabr oyida ushbu ko‘rsatkich 5,5%gacha tushdi. Shuningdek, oktyabrda uy-joy narxlari o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromad Mirobod (23,2%dan 1,9%ga) va Yakkasaroy (16,1%dan 3,5%ga) tumanlarida sezilarli darajada pasaygan.
Mirzo Ulug‘bek va Uchtepa tumanlarida uy-joy narxlarining o‘sishdan deyarli to‘xtashi yoki biroz arzonlashishi natijasida oktyabr oyida mazkur hududlarda uy-joy narxlari o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromadlilik mos ravishda -2,6% va -2,4%ni tashkil etgan (fevral oyida 24,6% va 15%).
Uy-joylarni ijaraga berishdan olinadigan daromad. Joriy yil oktyabrda uy-joylar ijarasidan olinadigan yillik o‘rtacha daromad Shayxontohur tumanida 10% (fevralda 11,6%), Mirobod tumanida 9,8% (10,4%), Yakkasaroy tumanida 9,5%ni (10,5%) tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich ijara narxlari nisbatan arzonroq bo‘lgan tumanlar – Sirg‘alida 9,3% (8,4%), Uchtepada 9,7% (8,6%), Chilonzorda 9,3% (9,3%) va Olmazorda 9,1%ni (9,4%) tashkil etgan. Ushbu raqamlar ijaradan keladigan o‘rtacha daromad o‘sishi sekinlashganidan dalolat beradi. Taqqoslash uchun 2023 yil yanvardan 2024 yil sentyabrgacha bo‘lgan davrda jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depositlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 21%ni tashkil etgan.
Daromadlilik darajasi bo‘yicha 1 va 2 xonali xonadonlarning investitsion jozibadorligi yuqori hisoblanadi. Joriy yil fevral oyida 1 va 2 xonali xonadonlarga yo‘naltirilgan investitsiyalar daromadliligi mos ravishda 35,6% va 30,8%ni tashkil etgan bo‘lsa, oktyabr oyida ushbu ko‘rsatkichlar 16,7% va 12,2%ga tushdi. Mazkur davrda 3 va 4 xonali xonadonlar uchun daromadlilik ko‘rsatkichi sezilarli darajada tushgan (mos ravishda 10,1% (fevralda 33%) va 9,9% (30,3%)).
Alpha version: 0.9.1.19 build 112117 | Инструменты