Huawei 1
HAMAS AQSHning BMT Xavfsizlik kengashidagi G‘azo bo‘yicha vetosiga munosabat bildirdi

AQSH BMT Xavfsizlik kengashida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyaga ovoz berishda qo‘llagan veto xalqaro hamjamiyatning anklavda sulh o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini amalda bekor qiladi. Bu haqda HAMAS harakati bayonot berdi.

“HAMAS AQSHning Xavfsizlik kengashida G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyaga qarshi veto huquqidan foydalanganini qoralaydi”, deyiladi HAMAS bayonotida.

Unda ta’kidlanishicha, “AQSHning bunday dushmanlik pozitsiyasi xalqaro hamjamiyat irodasini inkor etadi va Falastin anklavida urush davom etishini ta’minlaydi.

HAMASning fikricha, Amerika rasmiylarining veto huquqidan foydalanish qarori “AQSH Falastin xalqiga qarshi Isroil tajovuzkorligining bevosita hamkori ekanini va mintaqada davom etayotgan urush uchun ham bevosita javobgarligini yana bir bor isbotlaydi”. Harakat vakillari Vashingtonni agar Qo‘shma Shtatlar haqiqatan ham Amerika ma’muriyati aytganidek, urushni to‘xtatib, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikka erishmoqchi bo‘lsa, “bunday dushmanlik siyosatini to‘xtatishga” chaqirdi.

Avvalroq Qo‘shma Shtatlar BMT Xavfsizlik kengashidagi veto huquqidan foydalanib, Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan o‘nta a’zosi tomonidan tayyorlangan, zudlik bilan va shartsiz o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi Falastin-Isroil mojarosi bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini bloklagan edi.

Rezolyutsiya loyihasi Jazoir, Ekvador, Gayana, Yaponiya, Malta, Mozambik, Janubiy Koreya, Sloveniya, Syerra Leone va Shveysariya tomonidan tayyorlangan.

Matnning birinchi bandi zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni va har ikki tomonning garovga olinganlarni (ya’ni, falastinlik mahbuslarni ham) ozod qilishni talab qiladi. Shu bilan birga, rezolyutsiyaning birinchi bandi matni G‘azodagi garovga olinganlar o‘t ochishni to‘xtatish bilan bir vaqtda ozod etilishini anglatmaydi.

Hujjat uchun Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 14 nafari ovoz bergan. 2023-yil oktyabr oyida Yaqin Sharqdagi mojaro avj olganidan beri AQSH G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani beshinchi marta bloklamoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112120 | Инструменты