Huawei 1
Toshkentdagi 1-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar soni belgilangan me’yordan oshgani aniqlandi

Bolalar ombudsmani navbatdagi monitoring tashrifi bilan Toshkent shahridagi 1-sonli tergov hibsxonasida bo‘ldi hamda muassasada saqlanayotgan voyaga yetmaganlar sharoitlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, voyaga yetmaganlar kameralaridagi sharoitlar belgilangan standartlarga mosligi, ularning yotog‘i, ovqatlanishi, saqlanishi sharoitlari hamda sog‘lig‘ini saqlash bilan bog‘liq talablarning ta’minlanishi darajasi o‘rganildi.

Monitoring davomida jinoyat ishi tergov va sud bosqichida ekanli yuzasidan hibsxonada saqlanayotgan voyaga yetmaganlar bilan jamoaviy suhbat,  bir nechtasi bilan esa alohida individual muloqot qilinib, tergov va sud jarayonlarida ularning protsessual huquqlari qay darajada ta’minlangani hamda muassasada ularga qilinayotgan muomalaga doir fikrlari tinglandi.

Jumladan, bolalar tergov davrida protsessual buzilishlarga yo‘l qo‘yilgani, advokat tomonidan malakali yuridik xizmat ko‘rsatilmagani holatlari haqida bildirdi. 

Bolalar ombudsmani voyaga yetmaganlarning ushbu murojaatlarini tegishli tartibda o‘rganishni boshladi. Hibsxonada voyaga yetmaganlar uchun kutubxona, sport maydonidan tashqari tibbiy muolaja kabinetlari — stomatologiya, rentgen, UTT (ultratovush tekshiruvi) xonalarida shifokorlarning zaruriy tibbiy xizmati yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, muassasada mahbuslar onlayn xaridi uchun maxsus elektron moslama o‘rnatilgan bo‘lib, ular o‘zlariga kerakli bo‘lgan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini buyurtma asosida xarid qilish imkoniyati ham yaratilgan.

Shu bilan birga, o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar soni belgilangan me’yordan oshgan bo‘lib, bu mahbuslarni saqlash sharoitlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar kameralarida qator kamchiliklar aniqlanib, xususan, aksariyati ta’mirtalab ahvolda ekani, kameralar ichidagi ayrim jihozlar saqlanayotganlarning soniga mos ravishda emasligi ma’lum bo‘ldi.

Monitoring jarayonida aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan yuqori turuvchi mutasaddi organlarga Bolalar ombudsmanining tegishli ta’sir hujjatlari kiritiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62123 | Инструменты