Toshkentdagi Elbek bog‘i rekonstruksiya qilinib, u yerda “O‘zbek-turk do‘stligi” xiyoboni barpo etiladi

Joriy yil 15-iyunda Prezidentning "Toshkent shahridagi ko‘chalardan biriga Mustafo Kamol Otaturk nomini berish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingan.

Shunga asosan “O‘zbekiston-Turk do‘stligi” hiyobonini barpo etish ishlarini jadallashtirib, qisqa muddatda foydalanishga topshirish belgilangan. 24-oktabr kuni parkda loyiha bo‘yicha jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi. Yaqin atrofdagi uylarda yashovchi aholi o‘z takliflarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi va shahar hokimligi ushbu takliflarni inobatga olishga va’da berdi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Uzreport.news.uz'ga  bu bo'yicha bir necha savollarga javob berdi.  

Unga ko'ra, “Oʻzbek-turk doʻstligi” xiyobonini Yashnobod tumani, Abdulla Qodiriy koʻchasiga tutash boʻlgan hududdagi 11,7 gektar yer maydonida (sobiq Elbek bogʻi) barpo etish belgilab olindi.

Mazkur Xiyobon loyiha konsepsiyasi Turkiya Respublikasi elchixonasi vakillari va “Mdesign” kompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlandi. Bunda hududdagi koʻp yillik daraxtlarni (5 mingga yaqin) saqlab qolgan holda kapital qurilishlardan xoli boʻlgan, bolalar va badantarbiya maydonchalari (vorkaut), interaktiv zonalar, yoʻlakchalar quriladi hamda yengil konstruktsiyali oʻzbek-turk savdo va xizmat koʻrsatish (umumiy ovqatlanish) maskanlari joylashtiriladi.

Shuningdek, xiyobonning kirish qismida Mustafo Kamol Otaturk byustini oʻrnatish hamda tutash hududlarni oʻzaro bogʻlagan holda aholi uchun qulay va zarur infratuzilmaga ega boʻlgan zamonaviy sayilgohga aylantirish tashabbusi bildirilmoqda.

Loyihani amalga oshirish uchun Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasini buyurtmachi etib belgilanmoqda.

Shuningdek, xiyobonni qurish bilan bogʻliq xarajatlar teng ulushlarda Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi
va mahalliy byudjetining qoʻshimcha mablagʻlari hamda respublika byudjeti hisobidan moliyalashtirish koʻzda tutilgan.

Pensionerlardan biri sayr qilayotganlar va sport bilan shug‘ullanayotganlar suv olib ichishlari uchun parkda ichimlik suvi favvorachalarini o‘rnatishni taklif qildi. Bu g‘oya qo‘llab-quvvatlandi va uni amalga oshirishga va’da berildi.

Yana bir aholi vakili bu yerda kun bo‘yi kattalar ham, bolalar ham badminton o‘ynaydigan uchta joy bo‘lganini aytdi. U hech bo‘lmaganda ikkita maydoncha tashkil etishni so‘radi. Ushbu taklif ham ma’qullandi.

Bir ayol binafshazorlarni saqlab qolishni so‘radi. Hokim o‘rinbosari buni amalga oshirishga harakat qilishlarini aytdi.

Moliyalashtirish haqidagi savolga javob berar ekan, Azizxon Shavkatov mablag‘lar poytaxt hokimligi budjetidan ajratilganini ma’lum qildi. Ishlarni noyabr oyi oxirigacha yakunlash rejalashtirilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102615 | Инструменты