Ular bu ishi tufayli 5 kishining o‘limiga sababchi bo‘lib, umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan edi
Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi "Shovotlandiya" kafesida 2021-yil 27-fevral kuni yong‘in sodir bo‘lgan edi. Holat yuzasidan shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda kafega qasddan o‘t qo‘yilgani ma’lum qilingan. Shuningdek, mazkur kafega samarqandlik fuqaro tomonidan qasddan o‘t qo‘yilgani aniqlangan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida ushbu jinoyat muqaddam sudlangan Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi S.F. 26 yoshli sherigi bilan sodir etgani aniqlanib, ushlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, 36 yoshli erkak qamoq jazosini o‘tayotgan paytda 26 yoshli shaxs bilan tanishib, ozodlikka chiqqach, u bilan sherikchilikda ishlay boshlagan. Bir fuqaro 36 yoshli sudlanuvchiga telefon qilib, R.D. ismli shaxsning qarindoshidan 4 ming dollarni olib berishni so‘raydi.
Shundan so‘ng sudlanuvchi ushbu xizmati evaziga 1,5 ming dollar turadigan oxirgi rusumdagi iPhone smartfonini berishni talab qilgan. Ammo qarzdor hali pullarini qaytarmagani sababli buyurtmachi sudlanuvchining talabini rad etgan. Shu sababli 36 yoshli fuqaro "Shovotlandiya" kafesini yoqib yuborishga qaror qilgan.
Ularga Jinoyat kodeksi 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi qator bandlari bilan sudlanuvchilarga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi. Sud hukmiga ko‘ra, ular o‘ta xavfli residivist deb topilgan.
Sudda ko‘rib chiqilayotgan appellyatsiyada halok bo‘lganlardan birining otasi jazo o‘z kuchida qolishi tarafdori ekanini bildirgan. "Oliy Majlis deputatlari ham bunga aralashyapti, Kusherbayev degan kishi aralashmoqda? Deputatning sudga aralashishi mumkinmi?", — deydi u.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev mazkur masalaga o‘z fikrini bildirgan.
"Kechadan beri birdaniga shunaqa muhokamalar bo‘lib ketdi. To‘g‘risini aytishim kerak, meni ko‘pchilik deputat sifatida biladi, taniydi, balki shunga chalg‘ishayotgandir. Lekin qonunchiligimizda deputat kimningdir tarafi yoki himoyachisi sifatida ishtirok etadi degan narsa yo‘q. Faqat jamoat tashkilotlari, jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etishi mumkin. Biz bor yo‘g‘i shu huquqlardan foydalanib, sud jarayonlarida ishtirok etishga harakat qilyapmiz. Bu faoliyatimdagi birinchi sud ishim emas. Bu yerda faqat qonuniylikni ta’minlashni so‘rayapmiz, xolos", — deydi Kusherbayev.
To‘qqiz soat davom etgan sudda barchaning fikri tinglangan.
"Sizdan oqlov ham, bunaqa qiling ham deb so‘ramayman. Vijdonan, qilgan ishim uchun jazoimni beringlar. Gap bo‘lishi mumkin emas", — deydi ayblanuvchi. Sud tanaffus e’lon qilgan. Yakuniy xulosa hali aytilgani yo'q...
Alpha version: 0.9.1.19 build 51910 | Инструменты