Huawei 1
Urgutda qadimiy So‘g‘d madaniyatiga oid ibodatxona va noyob devoriy suratlar topildi

Samarqand arxeologiya instituti mutaxassisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Alisher Sandiboyev Urgut tumanida topilgan qadimiy ibodatxona va uning noyob devoriy suratlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

2022 yildan buyon Samarqand arxeologiya instituti Urgut tumani Jo‘raptepa qishlog‘i yonidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligida arxeologik tadqiqotlar olib bormoqda. Yaqinda mazkur tadqiqotlar davomida So‘g‘d madaniyatiga oid ibodatxona topildi.Alisher Sandiboyevning aytishicha, ibodatxona ilk o‘rta asrlarga tegishli bo‘lib, uning tarhi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda va devorlari diniy mavzudagi suratlar bilan bezatilgan.

“Ibodatxona devorlarining saqlanib qolgan balandligi 3 metrni tashkil etadi va unda 5 ta eshik mavjud. Devorlarda yuzi ovalsimon va quloqlari zebu-ziynatlarga boy ma’budaning tasvirlari saqlanib qolgan. Bu tasvirlarda qanotli, ustki qubbasi yarim oy shaklida bo‘lgan toj ham ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, ibodatxona devorlaridagi surat parchalarida turli personaj tasvirlari ham uchraydi, bu esa ibodatxonada bir nechta iloh tasvirlanganini ko‘rsatadi.Ibodatxona devorlarida tokchalar ham mavjud bo‘lib, ulardan birining ichida loydan yasalgan haykalning qo‘l va oyoq qismlari topilgan. Arxeologlar bu ibodatxona VII-VIII asrlarda faoliyat ko‘rsatgan, lekin 712 yilda arablar Samarqandga yurish qilganida yoqib yuborilganini taxmin qilishmoqda.Islomgacha bo‘lgan davrga tegishli devoriy surat va haykaltaroshlik namunalari O‘zbekistonda bir necha o‘n yillikda aniqlanmagan edi, shu sababli Qo‘rg‘ontepada topilgan bu san’at asarlari katta ahamiyatga ega. Hozirda qazuv ishlari davom etmoqda, devoriy suratlarni saqlash va nusxa ko‘chirish ishlari olib borilmoqda”, — deydi u.  

Mutaxassisning takliflari

Alisher Sandiboyev Urgut tumanida Madaniy meros agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi Urgut tumani bo‘limini tashkil etishni taklif qildi. Unga ko‘ra, bu taklif amalga oshirilsa tuman hududidagi 200 dan ortiq madaniy meros obidalarini o‘rganish va fotosuratga olish ishlari osonlashadi.

Ikkinchi taklif — tumanda muzey tashkil etish. Bu muzey osori atiqalarni aholi va xorijliklarga tanishtirish, hamda turizmni rivojlantirish uchun muhim. Muzeyda qadimiy Urgut tarixiga oid ashyolar saqlanib, ilmiy o‘rganiladi va namoyish etiladi. Shu bilan birga, ilmiy tadqiqot ishlarini muvofiqlashtiruvchi ilmiy markaz sifatida ham xizmat qiladi.

Sandiboyevning fikricha, muzey tashkil etish uchun asoslar va materiallar mavjud bo‘lib, arxeologik yodgorliklarda topilgan ashyolar muzey fondini boyitib boradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122418 | Инструменты