“Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ-57-son, 14.02.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, “Uzagrostar xolding” kompaniyasi masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi.
Tashqi va ichki bozorlarda talab yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kesimida bazaviy va qamrab olinadigan tumanlarni belgilash va ushbu hududlardagi mahallalarda mahsulot yetishtirishning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish bo‘yicha Xolding kompaniya muassisligida ixtisoslashgan kompaniyalar tashkil etiladi.
Bunda bazaviy tumanlar ixtisoslashgan kompaniyalarning asosiy faoliyati uchun markaz bo‘lib hisoblanadi.
Aholi tomorqalarida va dehqon xo‘jaligi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashuvni rag‘batlantirish maqsadida quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlari joriy etiladi:
- uzum ko‘chatini shpalerga o‘tkazishga har bir shpaler uchun 15 ming so‘mgacha subsidiya beriladi;
- tomorqadagi bog‘larni yangilash uchun “in-vitro” ko‘chat sotib olish xarajatining 50 foizi qoplab beriladi;
- 2025 yilda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va ularning xaridi uchun ajratiladigan imtiyozli kreditlarga 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin ayrim dehqonlarga 100 million so'mgacha subsidiya ajratilishi haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22105 | Инструменты