Huawei 1
Xitoy kompaniyasi Farg'onada muqobil energiya ishlab chiqarish sohasidagi loyihalarni amalga oshiradi

Farg'ona viloyat hokimligida Xitoyning shamol va quyosh elektr stansiyalarining yirik operatori — "Longyuan Power Group" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, uchrashuvda Xitoy kompaniyasi tomonidan Farg'onada energetika sohasidagi yirik loyihalarga investitsiya kiritish masalalari muhokama qilindi.

Ta'kidlash joiz, "Longyuan Power Group" kompaniyasi shamol, quyosh, geotermal, suv oqimi, gaz, ko'mir va biomassa elektr stansiyalarini loyihalashtiradi, quradi hamda ish jarayonini birgalikda boshqaradi. Shu bilan birga tarmoq kompaniyalari va boshqa iste'molchilarga elektr energiyasini sotadi, energiya uskunalari va ko'mir savdosi, konsalting xizmatlarini ko'rsatadi. Elektr stansiyalari, shamol turbinalari va boshqa uskunalarni ta'mirlash hamda texnik xizmat ko'rsatishda ko'maklashadi. Shamol elektr stansiyasi mutaxassislari malakasini oshirish hamda qurilmalarni sinovdan o'tkazib borish amaliyotini tashkil etadi.

Muloqotda viloyat rahbariyati kompaniyaning energetika sohasidagi ilg'or tajriba va yutuqlarini e'tirof etib, hududda quyosh panellari o'rnatish hamda yirik korxonalarga quyosh panelli quvvatlagichlarini o'rnatib berishda hamkorlik qilish istiqbolli ekanligini ta'kidladi.

O'zaro hamkorlik doirasida hududlarda ixcham podstansiyalar qurish taklifi ilgari surilib, viloyatdagi sanoat zonalari, xususan, O'zbekiston tumanida joylashgan "Sho'rsuv" sanoat zonasi haqida ma'lumot berildi. Kompaniya mutaxassislari ushbu sanoat zonasi imkoniyatlarini o'rgangan holda o'z loyihalarini joylashtirish mumkinligi aytildi.

Ezgu tashabbus ijrosini ta'minlash maqsadida mas'ullar biriktirilib, kompaniya vakillari bilan birgalikda sanoat zonasini o'rganish va istiqbolli loyihalar bo'yicha ish boshlash bo'yicha kelishib olindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91301 | Инструменты