O‘zbekiston Transport vazirligi xalqaro yuk tashuvlari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar rahbarlariga Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha tashishlarda ko‘p tomonlama ruxsatnomalardan foydalanish qoidalariga amal qilish zarurligini eslatdi.
Vazirlik bayonotida qayd etilishicha, ushbu blankalar faqat Toshkent — Andijon — O‘sh — Irkeshtom — Qashg‘ar yo‘nalishida belgilangan chegara o‘tkazish punktlari orqali va teskari yo‘nalishda yuklarni tashish uchun mo‘ljallangan. Ular uch mamlakat o‘rtasidagi transport yo‘lagini rivojlantirish doirasida chiqarilgan.
Biroq Transport vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda ruxsatnomalardan noto‘g‘ri foydalanish holatlari aniqlanmoqda. Ayrim korxonalar ulardan butun yo‘nalish bo‘ylab emas, faqat Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida yuk tashish uchun foydalanmoqda.
Vazirlik aynan ushbu holatda ishlatilgan ruxsatnoma blankalari maqsadsiz foydalanilgan hisoblanishi va kelgusida ushbu korxonalarga shu turdagi ruxsatnoma blankalarining taqdim etilishi cheklanishi haqida ogohlantirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 43000 | Инструменты