O‘zbekistonning to‘rt hududida elektrdan noqonuniy foydalanganlar aniqlandi. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar berdi.
Unga ko‘ra, “O‘zenergoinspeksiya”, Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda elektr ta’minoti korxonalari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanmoqda.
Xususan, Xorazm viloyati Urganch tumanida faoliyat yurituvchi “V.B.” MCHJga tegishli suv nasoslarini tarmoqqa elektr hisoblagichdan tashqari yashirincha ulab, jami 2,2 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Bu kabi holat Buxoro viloyatida “U.B.” fermer xo‘jaligiga qarashli suv nasosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga hisoblagichdan tashqari yashirincha ulab, 223,5 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Shuningdek, Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida esa “N.U.” va “Q.D.” fermer xo‘jaliklari rahbarlari yer maydonlarini sug‘orish uchun suv nasoslarini o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulab, jami 215,3 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi.
Shu kabi, departamentning Farg‘ona tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “V.J.” fermer xo‘jaligida hamda YTT A.A.ning avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasida o‘rnatilgan elektr uskunalari hisoblagichdan tashqari elektr tarmoqlariga ulanib, jami 146,2 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122318 | Инструменты