2-iyun kuni Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasi appelatsiya shikoyatini ko‘rib chiqdi.
Ish materialiga ko‘ra, Xorazm viloyatidagi Urganch tumani IIBning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi xodimi, davlat organi mansabdori M.A. fuqarolarga moddiy manfaat evaziga soxta ID karta va xorijga chiqish biometrik pasportlari rasmiylashtirgani uchun sudlandi. U buni uyushgan jinoiy guruh tarkibida amalga oshirgan.
M.A. lavozim mavqeidan foydalangan holda, avtomatlashtirilgan “Manzil” axborot tizimi va “E-kalit” elektron kaliti orqali pasport-karta tizimiga soxta ma’lumotlarni kiritgan. U biometriya jarayonlarini nazorat qilar ekan, yuzlab shaxslarga tegishli shaxsiy ma’lumotlarni, jumladan F.I.Sh., tug‘ilgan sana va manzillarini o‘zgartirib, soxta shaxslar yaratgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, M.A. boshchiligidagi guruh Rossiyadan deportatsiya qilingan va yana qaytib borishni istagan shaxslardan ma’lum miqdorda pora olish orqali ularga qonunga zid ravishda hujjatlar tayyorlab bergan. Bu jarayonda R.X., A.A. va M.R. kabi shaxslar ham ishtirok etgan. Ular fuqarolarni topib, ularni ishonchga kiritish, IIB binosiga olib kelish va pora pullarini yetkazish vazifalarini bajarishgan.
Guruh rahbari M.A. bu jarayonlarni nazorat qilib, shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab, barcha rollarni taqsimlab chiqqan. U fuqarolarni navbatsiz, ishdan tashqari vaqtlarda qabul qilib, ularni fotosurat va barmoq izlari bilan biometrik ma’lumotlar bazasiga kiritgan. Har bir soxta hujjat evaziga olingan mablag‘ guruh a’zolari o‘rtasida taqsimlangan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, M.A. Urganch tumanida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan Umrbek Xudarganovning shaxsiy ma’lumotlarini soxtalashtirib, uning familiyasini “Xudayberganov”, ismini “Umirbek”, tug‘ilgan sanasini esa “25-iyul 1988” yildan “27-iyun 1988” yilga o‘zgartirgan. Shu orqali uning uchun yangi ID karta va xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirilgan.
Xorazm viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudining apellyatsiya instansiyasi ushbu guruh ustidan chiqarilgan sud hukmi ustidan kiritilgan shikoyat va protestni ko‘rib chiqdi.
Unga ko‘ra M.A. — Urganch tuman IIBning sobiq xodimi — Jinoyat kodeksning bir necha moddalari, jumladan, hujjatlarni qalbakilashtirish (JK 210 modda), mansab vakolatini suiiste’mol qilish (JK 209 modda), va firibgarlik (JK 139 modda) bo‘yicha aybli deb topildi. Unga nisbatan tayinlangan bir nechta jazolar JKning 59 va 61-moddalari asosida qisman qo‘shilib, uzil-kesil 10 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, 3 yil ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni o‘tash muddati 2024-yil 20-fevraldan boshlab hisoblanadi.
R.X. esa ayrim ayblovlar bo‘yicha oqlangan bo‘lsa-da, hujjatlarni qalbakilashtirish (JK 210-modda) va mansab vakolatini suiiste’mol qilish (JK 209-modda) bo‘yicha aybli deb topilib, unga 6 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi. Muddati — 2024-yil 28-iyundan.
M.R. ilgari bir necha bor sudlangan bo‘lib, bu ish bo‘yicha Jinoyat kodeksining 6 turdagi moddasi, jumladan, firibgarlik, pora berish, hujjatlarni qalbakilashtirish, noqonuniy migratsiya tashkil etish kabi jinoyatlarda aybli deb topildi. Unga uzil-kesil 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, jazoni esa qat’iy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi. Unga nisbatan ham jazoni o‘tash muddati 2024-yil 28-iyundan hisoblanadi.
M.I. esa Jinoyat kodeksining 211-moddasi (Pora berish) va 223-moddasi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) bo‘yicha aybli deb topildi. Unga 2 yil ozodlikdan mahrum qilish hamda 3 yil ozodlikni cheklash jazolari tayinlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82120 | Инструменты