AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva xotin-qizlar mehnat stajiga ega yoki ehtiyojmand xotin-qizlar 2025-2026 o‘quv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga davlat granti va alohida kvota asosida imtiyozli qabul qilinishi yuzasidan maʼlumot berdi.
Mazkur imtiyozlardan foydalanish uchun talabgorlar oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega bo‘lishlari kerak. Tavsiyanoma berish bilan bog‘liq jarayonlar belgilangan talablarga muvofiq tashkil etilmoqda.
Mehnat stajiga ega xotin-qizlar uchun alohida qabul kvotalari
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 9 iyundagi 322-sonli qaroriga muvofiq, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil ish stajiga ega, oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar davlat oliy taʼlim muassasalariga alohida qabul kvotalari asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Talabgor xotin-qizlarga tavsiyanoma uchun joriy yilning 31 may (shu kuni ham) kuniga qadar o‘zlari yashab turgan hududdagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga murojaat qilishlari kerak bo‘ladi.
Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun qo‘shimcha davlat granti kvotalari
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi 402-son qaroriga muvofiq, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarni davlat OTMlariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish maqsadida 2025-2026 o‘quv yili uchun tavsiyanoma berish jarayoni boshlandi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining axborot tizimi (https://tavsiyanoma.ijro.uz/) orqali 30 maydan 8 iyunga qadar onlayn ariza qoldirishlari lozim bo‘ladi.
Tavsiyanoma 6 ta mezon asosida beriladi:
- Kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlar;
- To‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
- Turmush o‘rtog‘i vafot etgan, farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ayollar;
- Nogironligi bo‘lgan farzandi bor ayollar;
- Ikki va undan ortiq farzandlarini ijarada yoki alohida tarbiyalayotgan yolg‘iz ayollarning qizlari;
- Ota-onasidan biri yoki har ikkalasi birinchi/ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan xotin-qizlar.
Tavsiyanoma egasi abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishda faqat tanlagan birinchi taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha 4%li davlat granti asosida tanlovda ishtirok etadi.
Kirish imtihonida eng yuqori ballning kamida 30%ini to‘plagan tavsiyanomaga ega bo‘lganlar ballar ketma-ketligiga rioya etilgan holda talabalikka tavsiya etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60806 | Инструменты