XX asr AQSH jurnalistikasidagi eng katta g'alaba — "Uotergeyt ishi" haqida bilasizmi?

Bugun jonkuyar jurnalistlar – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunidir! Axborot olamida erkinlik va oshkoralikni taminlash, uni keng jamoatchilikka yetkazishda OAVning faolligini oshirish hozirgi davrning dolzarb vazifasidir.

Ilm-fan, texnika taraqqiy etayotgan zamonni ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur qilish esa juda qiyin. OAV haqiqatga ko'zgu tutadi, uni omma e'tiboriga olib chiqib, muammoning haqqoniy va qonuniy hal qilinishi uchun zamin yaratadi. Jurnalistlarning jamiyat hayotidagi ajralmas o'rnini «Uotergeyt ishi» misolida oson ko'rsatish mumkin.

AQShda katta shov-shuvga sabab bo'lgan «Uotergeyt ishi» haqida ko'pchilik eshitgan bo'lsa kerak! The Washington Post nashri jurnalistlari Bob Vudvord va Karl Bernstayn bo'lmaganida edi siyosiy vaziyat AQShning 37-Prezidenti Richard Niksonning istefoga chiqishi bilan tugallanmagan bo'lar edi.

Voqea aslida qanday bo'lgan?
Ushbu siyosiy drama 1972-yil 17-iyunda Vashingtonda ro'y bergan. Voqea AQShda «Prezidentni qayta saylash bo'yicha Respublikachilar partiyasi komiteti»ning 1972-yilgi saylov kampaniyasi davridagi g'ayriqonuniy harakatlari bilan boshlangan edi. Politsiya Demokratik partiya milliy qo'mitasi joylashgan «Uotergeyt» mehmonxonasi kompleksiga kirgan besh kishini hibsga olgan. Ular AQSH Prezidentligiga davogar nomzodlardan biri, Richard Niksonning raqibi Jordj Makgoverning hujjatlarini suratga olishga uringani va bosh idoraga eshituvchi mikrofonlar o'rnatgani ma'lum bo'lgan.
     
Ayblanuvchilardan biri Prezident Richard Niksonning saylov komissiyasi xodimi Jeyms Makkord va qolgan to'rt nafari mayamilik immigrantlar bo'lganligi oshkor bo'lgan.

Jurnalistik surishtiruvdan iborat bu ishda Oq uy mansabdor shaxslari tomonidan qonunchilikning ko'plab buzilishi hollari (saylovchilarni sotib olish, qo'rqitish, yolg'on guvohlik berish va boshqalar) fosh bo'lgan. Prezident Richard Nikson esa «Uotergeyt ishi» ga aloqadorlikda ayblanishdan va o'zini javobgarlikka tortilishidan qo'rqib impichment tartibida, (1974-yilda) iste'foga chiqqan. Ushbu «o'yin»da «qo'li bor» deb topilganlarning bariga chora ko'rilgan. Haqiqat qaror topgan!

Natija qanday bo'ldi?
Ko'rib turganingizdek, The Washington Post nashri jurnalistlarning say-harakatlari sabab jamiyatdan sir tutilgan materiallar OAV va jamiyat e'tiboriga tushadi. AQShda esa qonunlarni alohida shaxslar emas, qonunlarning o'zi yaratishi o'z isbotini topadi.

«Uotergeyt ishi»dan so'ng Amerika ommaviy axborot vositalari AQShning «to'rtinchi hokimiyat»iga davogarlik qila olishdi va aynan jurnalistika Amerikada eng mashhur kasblardan biriga aylandi. Shu sabab «Uotergeyt ishi» XX asr jurnalistikasining eng katta g'alabasi, deb ataladi. Haqiqatning qaror topishiga faol ishtiroki uchun The Washington Post nashri Pulitser mukofoti bilan taqdirlangan.

Jurnalistlarning haqiqatni yuzaga chiqarishidagi ishtiroki nafaqat jamiyatda, balki yuqori davlat organlarining ham sergak tortishiga sababchi bo'ldi. «Uotergeyt ishi» OAV kuchi va uning jamiyatdagi rolini ko'rsatuvchi birgina misol, xolos. Aslida bunday misollarni cheksiz davom ettirish mumkin.

Nargiza Utepova tayyorladi

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60605 | Инструменты