“Yallama”da bojxona terminali ishga tushirildi
Toshkent viloyatining Chinoz tumanida joylashgan “Yallama” chegara bojxona postiga tutash hududda yangi zamonaviy bojxona terminali ishga tushirildi. Bu haqda Uzreport TV muxbiri xabar qildi.
Terminalning tantanali ochilish marosimida Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati, bir qator vazirlik va idoralar ma’sullari, Qozog‘iston va Rossiyaning bojxona ishlari bo‘yicha O‘zbekstondagi vakillari, Toshkent viloyati hokimligi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, 20 gektar maydonni egallagan “Yallama” bojxona terminalida davlat organlari va boshqa tashkilotlar tmonidan bojxona, bank, logistika, tezkor laboratoriya, fitosanitar, veterinar, sanitar-epidemiologik, ekologik, muvofiqlikni baholash kabi barcha xizmatlar “Yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladi.
Shuningdek, bu yerda bir vaqtning o‘zida 500 ta yuk avtomobillarini sig‘dira olish imkoniyatiga ega hamda bepul WI-FI bilan ta’minlangan avtoturargoh, 5000 kv.m maydonda yopiq hamda 3836 kv.m maydonda ochiq bojxona omborlari, rasmiylashtiruv zali, davlat nazorati organlari uchun xizmat xonalari, savdo do‘konlari hamda boshqa bino va inshootlar mavjud.
Bundan tashqari, bojxona terminali eng zamonaviy texnik vositalar, jumladan avtotarozi, avtomobillar raqamini aniqlash va videokuzatuv tizimlari, zamonaviy kompyuter texnikalari va boshqa qurilmalar bilan jihozlangan.
Eng muhim yangiliklardan biri shundaki, bojxona terminali hududida 10 ta shtat birligidan iborat bojxona punkti tashkil etildi. Endi shundoqqina chegara bojxona postidan tovarlarini olib kirgan yoki olib chiqish istagidagi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari shu yerning o‘zida sutkaning istalgan vaqtida tashqi savdo yuklarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirishadi.
Bojxona terminalining ishga tushishi natijasida tadbirkorlarning rasmiylashtiruv va sertifikatlashtirish uchun sarflanadigan vaqt va harajatlari tejaladi, tirbandliklar bartaraf etiladi, bojxona qonunbuzarlik holatlarining oldi olinadi.
Asosiysi mazkur hududda yashovchi 50 dan ziyod aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты